Taqiqlaganingiz befoyda, Facebook baribir sizni poylab yuribdi!

  •   DiMaX
  •  548
  •  20.12.2019 09:54

Taqiqlaganingiz befoyda, Facebook baribir sizni poylab yuribdi!

Facebook ijtimoiy tarmog‘i o‘z foydalanuvchilarining xatti-harakatlarini kuzatishi haqida ko‘p xabarlar berganmiz. Jumladan, u Android-smartfonlardagi qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlarni kuzatishini tan olgan, yaqinda esa iPhone’larning kamerasidan foydalanib josuslik qilayotgani fosh etilgan.

O‘QING: Facebook sizni endi Instagram orqali ham kuzatadi!

Yaqinda AQSh senatorlarining so‘roviga javoban Facebook kompaniyasi yo‘llagan xatda esa yana bir jihat oydinlashdi. Unga ko‘ra, foydalanuvchi o‘zining joylashuvini – lokatsiyani kuzatishni o‘chirib qo‘ygan bo‘lsa ham, ijtimoiy tarmoq ularni poylashda davom etaverar ekan.

Facebook’ning tan olishicha, foydalanuvchining ayni damda qayerda ekanini u bir necha usullar bilan aniqlar ekan. Jumladan, muayyan bir joyda tushirilgan suratlarda foydalanuvchini aniqlash, biror joyda ro‘yxatdan o‘tganlarida qayd etish orqali. Shuningdek, kishilar uning ilovasidagi «Xaridlar» bo‘limida qayerdadir biror nima sotib olganlarini belgilashlari yoki bu ma’lumotni o‘z profillariga qo‘shib qo‘yishlari mumkin. Bulardan tashqari, internetga ulangan qurilmalarning IP-manzillari orqali ham kishining qayerda ekanini kuzatsa bo‘ladi.

O‘QING: Facebook haqida 12 qiziq fakt

Kompaniyaning ta’kidlashicha, foydalanuvchilarning qayerda ekanligini bilish ularning xavfsizliklari uchun kerak emish. Deylik, siz hozir Toshkentda ekaningizni Facebook aniq biladi, ammo shu paytda boshqa biror joydan akkauntingizga kirishga urinish bo‘lsa, ijtimoiy tarmoq bundan shubhalanib, uni kiritmasdan, shaxsini aniqlash uchun kuchliroq tekshiradi. Bundan tashqari, foydalanuvchining joylashuvini bilish unga mos reklamalarni ko‘rsatish hamda noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashish uchun ham kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qila olmagani uchun Facebook’ning reytingi pasayib, yaqinda u eng qimmat brendlar o‘ntaligidan chiqib ketgan. O‘ylaymizki, ushbu ijtimoiy tarmoq hamda uning ichidagi turli ilovalar (o‘yinlar, so‘rovlar va hokazolar) kuzatuvini cheklash yo‘llari, brauzerda sizni Facebook kuzatuvidan himoyalovchi kengaytma haqidagi yo‘riqnoma-maqolalarimiz xavfsizligingizni oshirishga hissa qo‘shadi.

O‘QING: Smartfoningizdagi 19 ta xavfli ilova: Facebook, Messenger, Shareit...

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!