Telegram 7.3 chiqdi: Ovozli chatlar va boshqalar

  •   DiMaX
  •  3168
  •  23.12.2020 15:07

Telegram 7.3 chiqdi: Ovozli chatlar va boshqalar

O‘zbekistonda eng ommaviylaridan bo‘lgan Telegram messenjeri 7.3-versiyada taqdim etildi. Uning jamoasi mazkur talqindagi muhim o‘zgarishlarni maxsus maqola tarzida e’lon qildi va uni quyida keltirmoqdamiz.

O‘QING: Telegram’da telefon raqamingizni almashtirish bo‘yicha videoqo‘llanma

Biz 2013 yildan buyon guruh chatlari imkoniyatlarini kengaytirib kelmoqdamiz. Mazkur yetti yil davomida javoblar, smart bildirishnomalar ega eslatishlar, takomillashgan so‘rovnomalar, administrator vositalari, guruh statistikasi kabi funksiyalarni joriy qildik, shuningdek, ishtirokchilarning maksimal sonini yuz minglabga oshirdik. Bu funksiyalarning aksariyati keyinchalik boshqa ilovalar yaratuvchilarini ilhomlantirdi va odamlarning tarmoqda qanday muloqot qilish usullarini butunlay o‘zgartirdi.

Guruhlar evolyusiyasi devom etadi. Bugun Telegram’ning 2020 yildagi o‘n ikkinchi yangilanishida ovozli chatlar – ishtirokchilar istalgan paytda ulanishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi audiokonferensiyalarni taqdim etamiz.

Ovozli chatlar

Endi istalgan guruhda oddiy yozishma bilan parallel ravishda ovozli chatni ishga tushirish mumkin. Matn va ovoz bir-birini bitta muhitda uzviy tarzda to‘ldiradi.

Oddiy chaqiruvlardan farqli ravishda ishtirokchilar vaqtni oldindan kelishishlari shart emas: ovozli chat ular uchun har doim ochiq. U xabarlar tarixida iz qoldirmaydigan norasmiy suhbatlar uchun virtual ofis yoki maydoncha sifatida xizmat qilishi mumkin. Yirik hamjamiyatlar ovozli chatlarida kutilmagan insonlar bilan tanishish mumkin.

Guruhda ovozli chatda ishtirokchilardan qaysi biri hozir gapirayotgani darhol bilinadi. Agar odamlar qiziq bo‘lsa, xuddi qo‘shni xonadagi hamkasblar suhbatini tinglaganday, ularga qo‘shilish mumkin.

Ovozli chatga qo‘shilgach, ilova ichida bemalol harakatlanishingiz, suhbatlarni ko‘rishingiz va xabarlar yuborishingiz mumkin. Siz chatga ulangan holatda bo‘lasiz hamda mikrofon boshqaruv tugmalari ekranda qoladi, shu bois o‘zingizni istalgan paytda darhol sukut qilish yoki sukutdan chiqarishingiz mumkin.

Android foydalanuvchilari uchun ovozli chatlarning qo‘shimcha afzalligi mavjud – boshqa oynalardan yuqorida bo‘lish rejimi. Bu rejimda hatto ilova fon rejimida payti ham mikrofonni yoqish va chatda suhbatlashayotganlarni ko‘rish mumkin.

Siz onlaynda bo‘lgan istalgan kishi bilan suhbatlashishingiz yoki qulay menyu orqali yana boshqa odamlarni taklif qilishingiz mumkin. Ovozli chatlar bir necha minglab foydalanuvchilarni o‘zida jamlay oladi. Ya’ni ular oila a’zolarining o‘zaro maslahatidan tortib ulkan jonli tadbirgacha – barcha holatlar uchun mos keladi.

Barcha harakatlar chiroyli animatsiyalar bilan bajariladi, buning uchun dizaynerimiz ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi.

Ovozli chat yaratish uchun guruh profilini oching, (⋯) yoki (⋮) belgisini bosing va Ovozli chatni boshlash bandini tanlang.

Umid qilamizki, ovozli chatlar xuddi Telegram guruhlari kabi odamlarning o‘zaro hamkorlik va muloqot qilish usulini o‘zgartiradi. Kelgusi haftalarda biz ularni yanada yaxshilaymiz, fikr-mulohazalaringizni tinglaymiz, shovqinni kamaytirish imkoniyatini yaxshilaymiz hamda video va ekran namoyishi kabi yana boshqa funksiyalarni qo‘shamiz.

Tezkor tugmalar

Kompmyuter uchun ilova va macOS uchun alohida ilovada boshqa ilovalardan foydalanayotganingizda ham Telegram’da mikrofoningizni boshqarish uchun tezkor tugma tanlashingiz mumkin.

Stikerlar siluetlari

Telegram’dagi animatsiyali stikerlar yengil va jonli: ular 50 KB dan kamroq joyni oladi va soniyasiga 180 kadr tezlikdagi ravon animatsiyalardan foydalanadi.

Bugungi yangilanishda biz stikerlar yuklanishini yanada tezlashtirdik. Bundan tashqari, endi yuklash paytida tovlanuvchi silu’tlar ko‘rinadi.

Android: Ma’lumotlarni SD-kartada saqlash

Android foydalanuvchilari endi Telegram ilovasi ma’lumotlarini ichki xotiradan SD-kartalariga ko‘chirishi mumkin. Bu mobil qurilma xotirasi kichik bo‘lgan foydalanuvchilarga ko‘proq multimedia va fayllarni saqlash hamda Telegram’dan yanada qulay foydalanish imkonini beradi.

Boshqa ilovalardan farqli ravishda, Telegram telefoningizda xotira joyini tejash imkonini beradi: ilova keshini istalgan paytda tozalash mumkin (Sozlamalar > Ma’lumotlar va xotira > Xotiradan foydalanish) rukniga kiring. Fayllar yana kerak bo‘lganda, ular avtomatik ravishda bulutdagi xotiradan yuklab olinadi.

Android’da yangi animatsiyalar

Android ilovasiga yangi ravon animatsiyalar qo‘shildi. Ular Yangi xabar tugmasini bosganingizda, profillarni ochganingizda va chat jildlarini boshqarganingizda istalgan xabarlar hisoblagichlarida ishlaydi.

Tahrirlashning yangi imkoniyatlari

Android foydalanuvchilari endi o‘zlari yuborgan rasmlarni kuchli multimedia muharriri yordamida effektlar, chizmalar yoki stikerlar qo‘shish uchun tezda tahrirlashi mumkin. iOS foydalanuvchilari o‘zlari olgan rasmni tezda tahrirlash va qayta yuborish uchun qalam tugmasini bosishi mumkin.

Bu funksiyalarning har biri avval faqat platformalardan birida mavjud edi, lekin endi iOS va Android selfilarga mo‘ylov chizish uchun bir xil imkoniyatlar taklif qiladi.

Xabar yoki izohni tahrirlashda maksimal uzunlikka yaqinlashganingizda sizda qancha belgi qolganligini ko‘rsatuvchi hisoblagich chiqadi.

Yangi animatsiyali emojilar

Biz har bir yangilanishda animatsiyali emojilarni qo‘shishda davom etmoqdamiz. Odatdagidek, ulardan  birini chatda olish uchun shunchaki bitta emojili xabar yuboring.

Yangi funksiyalarni taklif qilish platformasi

Aksariyat Telegram funksiyalari foydalanuvchilar g‘oya va takliflarini inobatga olgan holda kiritilgan. Biz ehtimoliy yangi funksiyalarni aniqlash va ilovadagi xatolarni topishda yordam berishi uchun ommaviy xato va takliflar uchun platformani ishga tushirmoqdamiz.

Unutmang, platforma ayni vaqtda faqat bitta til – ingliz tilida ishlaydi. Bu butun dunyodan foydalanuvchilarimiz barcha tillarda o‘nlab bir xil takliflarni yaratmasliklari uchun zarur.

Platforma har bir murojaatga yetarli e’tibor qarata olishimiz uchun bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Barcha Telegram foydalanuvchilari yuborilgan murojaatlar ro‘yxatini ko‘rishi va ularga ovoz berishi mumkin.

Buguncha shular. Biz siz bilan 2021 yilda yoki keyingi katta yangilanish ustida ishlashni yakunlaganimizda (qaysi biri birinchi kelganida) ko‘rishamiz.

Telegram jamoasi,

2020 yil, 23 dekabr