Telegram’ning iOS va Android-ilovasi yangilandi, yangi imkoniyatlar bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  4799
  •  02.01.2018 14:29

Telegram’ning iOS va Android-ilovasi yangilandi, yangi imkoniyatlar bilan tanishing!

Ayni Yangi yil bayrami arafasida Telegram jamoasi barcha foydalanuvchilar uchun syurpriz qildi – messenjerning yangi talqinini taqdim etdi. Bu – 2017 yilning dekabr oyidagi ikkinchi yangilanish bo‘lib, ularda ko‘pchilik yuzerlar so‘ragan bir qancha funksiyalar qo‘shilgan. Quyida shularga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

O‘QING: Telegram Desktop 1.2.6 talqinigacha yangilandi, o‘zgarishlar bilan tanishing!

Apple ishqibozlari uchun mavzular

iOS operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi qurilmalar uchun chiqarilgan Telegram 4.7 talqinida, yangicha sozlamalar orqali ilovaning tashqi ko‘rinishini sozlash mumkin. Ta’bingizga ko‘ra, «Tashqi ko‘rinish» («Vneshniy vid» – «Appearance settings») sozlamalari orqali mavzulardan birini tanlash imkoni bor. Bulardan biri – «Kunduz» («Den») minimalistik uslubda bo‘lsa, ikkitasi esa to‘qrang – «Tun» va «Moviy tun» («Noch» va «Sinyaya noch») uslubga xosdir. Shuningdek, «Kunduz» mavzusi butun ilovaning tusini tanlash imkonini ham beradi, masalan, pushti yoki binafsharang qilish mumkin.

O‘QING: Durov kriptovalyuta chiqarib, Telegram foydalanuvchilarini ham millionerga aylantirmoqchi (+video)

Multi-akkaunt

Android-gadjetlar uchun 4.7 talqinida ishlab chiqilgan Telegram ilovasi, yuqoridagi mavzulardan tashqari, yana multi-akkauntlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ya’ni, endi siz o‘zingizning shu bitta Telegram ilovangizga, har xil telefon raqamlari asosida ochilgan uchtagacha turli akkauntlaringizni kiritishingiz mumkin! Akkaunlaringizning biridan boshqasiga o‘tish esa, yon menyu orqali amalga oshiriladi.

Agarda bildirishnomalar sozlamalarini asl holicha qoldirgan bo‘lsangiz, barcha akkauntlaringizdan bildirishnomalar keladi. Qaysi akkauntingizga xabar kelgani esa bildirishnomada aks etadi.

O‘QING: Eksklyuziv: Germaniya politsiyasi Telegram’ni qanday buzib kira olgan?

Tezkor javob

Endi har ikkala – iOS hamda Android mobil platformalari uchun ishlangan Telegram ilovasi ham tezkor javob yozish funksiyasiga ega bo‘ldi. Ya’ni, chatdagi biror xabarning o‘ziga javob yozayotganingizda, uni belgilash uchun ustiga bosib turib, qalqib chiqqan menyucha orqali «Javob berish»ni tanlab yurish shartmas. Bu jarayon minimalistik darajada soddalashtirilgan: kerakli xabarning ustiga bosib, chapga silasangiz bas – pastda unga javob yozish shakli chiqadi.

Bundan oldingi – Telegram 4.6 talqinidagi o‘zgarishlar va taqdim etilgan imkoniyatlar bilan tanishish uchun quyidagi maqolalarimiz bilan tanishing:

Android uchun Telegram 4.6 talqinigacha yangilandi, o‘zgarishlar bilan tanishing!

iOS uchun Telegram 4.6 taqdim etildi: Android’dagidan ustunliklari nimada?

Android-qurilmalar egalari Telegram ilovasini ushbu havola orqali, Apple qurilmalari egalari mana bu havola orqali yuklab yoki yangilab olishlari mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!