Toshkentda bolalarga dasturlash va robototexnikani o‘rgatuvchi RoboCraft kurslari ochilmoqda

  •   DiMaX
  •  1191
  •  17.01.2019 12:18

Toshkentda bolalarga dasturlash va robototexnikani o‘rgatuvchi RoboCraft kurslari ochilmoqda

Poytaxtimizdagi «Barkamol avlod» respublika bolalar ekologiya va o‘lkashunoslik markazida bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni o‘rganish imkonini beruvchi RoboCraft kurslari ochilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan.

O‘QING: Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasining O‘zbekistondagi rasmiy vakili ma’lum bo‘ldi.

Bolalarning ayni yo‘nalishdagi bilimlarini oshirishga, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan sinfxona tashkil etildi, deyiladi xabarda.

RoboCraft – maxsus kurslardan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlarda o‘quvchilar robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashni o‘rganadi. O‘quv jarayonida o‘ziga xos yondashuv asosida olib boriladigan mashg‘ulotlar zamonaviy ta’lim modellariga tayangan holda o‘tiladi. Xususan, kurs mashg‘ulotlari STEAM metodikasi asosida o‘tiladi. Ushbu ta’lim modeli o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ham ko‘mak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, o‘zi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari ta’lim yo‘nalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qo‘shma loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

O‘QING: Yosh dasturchi qizlar tanloviga marhamat!

Mazkur mashg‘ulotlar «Barkamol avlod» respublika bolalar o‘lkashunoslik va ekologiya markazida bo‘lib o‘tadi. Markaz o‘quv jarayonining oson, texnologik qulay va qiziqarli o‘tishi uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Kelgusida mazkur loyiha yurtimizdagi barcha «Barkamol avlod» markazlarida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Dastlabki bosqichda o‘quvchilar SCRATCH asosida dasturlash bilan tanishtirilib, robot-dizayner Junior E misolida mexatronika asoslari bo‘yicha ta’lim oladi. Shu tarzda algoritmlash bo‘yicha asosiy bilim va zarur ko‘nikmalarni olib, shaxsiy robotlarini boshqarishni o‘rganadi.

Xalq ta’limi vazirligi kelgusida sarmoyadorlar bilan birgalikda yuqori malakali va raqobatbardosh yosh avlodni tayyorlash maqsadida «Barkamol avlod» markazlarini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlashni rejalashtirmoqda.

O‘QING: Google’ga O‘zbekistonlik dasturchi kerak emas, unga oshpaz kerak!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!