WhatsApp o‘n yoshda: uning asosiy yutuqlariga nazar (+video)

  •   DiMaX
  •  563
  •  26.02.2019 16:11

WhatsApp o‘n yoshda: uning asosiy yutuqlariga nazar (+video)

2009 yilning 24 fevral kuni Kaliforniyada WhatsApp Inc. kompaniyasiga asos solingan edi. Kuni kecha loyiha jamoasi ushbu voqeaning o‘n yilligiga bag‘ishlab, foydalanuvchilarga minnatdorchilik videosini e’lon qildi.

O‘QING: WhatsApp’dan foydalaning. Telegram, Facebook Messenger va Google Allo’ga ishonch yo‘q!

Keling, avvalo shu lavhani tomosha qilamiz:

Endi esa ushbu davr mobaynida WhatsApp erishgan asosiy yutuqlarga qisqacha nigoh solamiz:

2009 yilning fevralida kompaniya o‘zaro xabar almashish servisini ishga tushirdi. Uning ilk muhim yangilanishi 2010 yilning iyunida amalga oshirildi – o‘zi turgan joy (geolokatsiya) haqidagi ma’lumotni messenjer orqali yuborish mumkin bo‘ldi.

2011 yili WhatsApp’da guruhli chatlar paydo bo‘ldi, uning platformasi esa yuborilayotgan xabarlar soni bo‘yicha kuniga bir milliardlik ko‘rsatkichdan oshdi.

2013 yilda bu messenjer orqali ovozli xabarlar almashish imkoni taqdim etildi. Oradan bir yil o‘tib, Facebook kompaniyasi WhatsApp servisini sotib oldi, messenjer foydalanuvchilari soni esa 500 million nafardan oshdi.

2015 yilga kelib, WhatsApp’ning veb-ilovasi hamda xabar almashish servisining kompyuter versiyasi ishga tushirildi. Tez orada dasturchilar bu messenjerga videoqo‘ng‘iroq funksiyasini ham qo‘shishdi va servisda xabarlarni shifrlash orqali uzatish yo‘lga qo‘yildi.

2016 yilning o‘rtalariga kelib, bir oyda faol foydalanuvchilar miqdori bir milliardga yetdi. Oradan bir yil o‘tib, faol yuzerlar soni kuniga bir milliarddan oshdi. Shuningdek, 2017 yili foydalanuvchilar o‘z profillariga status – maqom o‘rnata oladigan bo‘lishdi.

Nihoyat, 2018 yilda bu messenjer foydalanuvchilari guruhli qo‘ng‘iroqlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi, unga stikerlar qo‘shildi. Shuningdek, ilovani biometrik ma’lumotlar asosida – Face ID va Touch ID orqali himoyalash joriy etildi.

O‘QING: Sukerberg endi WhatsApp, Instagram va Facebook’ni birlashtirmoqchi