Xiaomi barcha Android-smartfonlar uchun qulay va bepul Mint Launcher’ni namoyish qildi

  •   DiMaX
  •  2540
  •  25.03.2019 12:01

Xiaomi barcha Android-smartfonlar uchun qulay va bepul Mint Launcher’ni namoyish qildi

«Xitoycha Apple» nafaqat turli-tuman elektronika mahsulotlari va «aqlli» uy jihozlari, balki turli dasturiy ta’minotlari bilan ham tanilgan. Jumladan, o‘tgan yilning oxirida u tezkor, tejamkor, xavfsiz va reklamasiz Mint brauzerini taqdim etgandi.

O‘QING: Survival Game’ni qarshi oling: Xiaomi ham PUBG va Fortnite kabi o‘yin taqdim etdi!

Xiaomi endi yangi dasturi – Android tizimli smartfonlarga mo‘ljallangan Mint Launcher grafik interfeysini namoyish etdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, «yalpiz ta’mli» launcher «yuqori tezlikda ishlashi va xavfsizligi» bilan ajralib turadi.

Mint launcherida asosiy ekran – «ish stoli»dagi belgichalarni tahrirlash imkoni mavjud – jumladan, belgichaning o‘lchami va tashqi ko‘rinishini o‘zgartirsa bo‘ladi. Shuningdek, smartfonga o‘rnatilgan dasturlar menyusida ularni toifalarga ajratish mumkin. Bulardan tashqari, sozlamalar orqali belgichani yashirib qo‘yish, boshqarish uchun imo-ishoralardan foydalanish, qulay qidiruv, bosh ekran tasvirlarining almashinishida turli effektlarni qo‘llash kabilar ham ko‘pchilikka ma’qul keladi.

Xiaomi Mint Launcher’ning hajmi atigi 10 megabaytga yaqin, uni Android 5.0 va undan keyingi talqinlarda ishlovchi smartfonlarga o‘rnatish mumkin. Kompaniya bu dasturini Google Play’ga joylagan, ammo turli sabablarga ko‘ra ayrim modellarga uni mazkur ilovalar katalogidan yuklab olib bo‘lmaydi. Shu bois Mint Launcher’ning APK-faylini mana bu havola orqali ko‘chirib olib, o‘zingiz o‘rnatishingiz mumkin.

O‘QING: Barephone – Android-smartfonlar uchun minimalistik uslubdagi bepul launcher

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.