Xiaomi bu smartfondan atigi 100 donasini sotuvga chiqardi!

  •   DiMaX
  •  2040
  •  28.07.2017 13:05

Xiaomi bu smartfondan atigi 100 donasini sotuvga chiqardi!

Xitoyning ilg‘or smartfonsozlaridan hisoblanmish Xiaomi kompaniyasi o‘zining Mi 6 flagmanini shu yilning aprelida taqdim etgan va 28 apreldan savdoga chiqarilgan edi. Biz BeCreative bilan hamkorligimiz asosida bu devaysning videotavsifini ham e’lon qilganmiz. Keyinroq – 23 mayda esa uning serhasham Mi 6 Ceramic talqini sotuvga chiqdi.

Mi 6 flagmanining taqdimotida Xiaomi kompaniyasi vakillari smartfonning maxsus — kumush korpusli Xiaomi Mi 6 Silver Edition talqini ham sotuvga chiqishini ma’lum qilishgan edi. Ammo oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ushbu talqindagi smartfonlar ishlab chiqarilmasligi ham mumkinligi, shu paytgacha ishlab chiqarilganlari esa smartfon sanoati muhandisligining yuksak namunasi bo‘lib qolishi ma’lum qilingan edi. Xitoydagi kimoshdi savdosiga qo‘yilgan Mi 6 Silver Edition smartfonlaridan biri $585 dollar boshlang‘ich bahosiga sotuvga qo‘yilib, $2490 dollarga pullangan edi.

Kuni kecha, kompaniyaning Mi 5X smartfoni hamda MIUI 9 operatsion tizim qobig‘i taqdimotida Xiaomi bosh direktori Ley Szyun bitta yangilikni aytgan. Ya’ni, kumush korpusli Xiaomi Mi 6 Silver Edition smartfonlari 3 avgust kuni savdoga chiqarilar ekan, deb yozadi GizmoChina resursi.

Qizig‘i – sotuvga flagmanning mazkur talqinidan atigi 100 donasi chiqariladi. Buning sababi sifatida uning kumush korpusini ishlab chiqarish jarayonining o‘ta murakkab ekanligi aytilgan.

Xiaomi Mi 6 Silver Edition talqinidagi smartfonlarga 3999 yuan, ya’ni taxminan 593 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan. Ularning keyingi partiyasi qachon va qancha miqdorda bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.