Xiaomi darrov yana bitta flagman tayyorlayaptimi!?

  •   DiMaX
  •  1758
  •  19.09.2017 11:11

Xiaomi darrov yana bitta flagman tayyorlayaptimi!?

GFXBench benchmarkining ma’lumotlar bazasida «Xitoycha Apple»ning yana bir smartfoni «qo‘lga tushdi». Xiaomi Chiron deb atalayotgan bu qurilma to‘laligicha flagman xususiyatlariga ega, deb yozadi GizmoChina nashri.

Esingizda bo‘lsa, bu kompaniya kodli nomi Chiron bo‘lgan flagman smartfoni ustida ishlayotganligi haqida xabar bergan edik. Ammo endi GFXBench benchmarkida «ko‘ringan» bu modelning jihatlari undan farq qiladi.

Umuman olganda, yangi qurilma ko‘p jihatdan yaqindagina taqdim etilgan Mi Mix 2 smartfoniga o‘xshab ketadi. Ammo bir qator farqlari ham mavjud: Xiaomi Chiron modeli diagonali 5,6 dyuymlik displey hamda o‘ziga o‘rnatilgan NFC-modul bilan taqdim etiladi. Ya’ni, tayyorlanayotgan smartfon kontaktsiz to‘lov texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ladi.

Chiron boshqa jihatlari bilan Mi Mix 2 va Android tizimida ishlovchi boshqa ko‘plab flagmanlarga o‘xshashdir. Unga 2,4 GGs takt chastotasida ishlovchi, sakkiz yadroli Snapdragon 835 chipseti hamda Adreno 540 grafik tezlatgichi o‘rnatiladi. Tezkor va ichki xotiralari tegishlicha 6 hamda 256 gigabaytga teng.

GFXBench ma’lumotlariga ko‘ra, Xiaomi bu gal kamera borasida qo‘sh ob’yektivlilik trendiga amal qilmagan. Yangi fmartfonning asosiy kamerasi 12 megapiksellik bittagina moduldan iborat, biroq u 4K-video yozish imkoniyati bilan ta’minlangan. Old kamerasi esa 5 megapiksellik selfilar olishga mo‘ljallangan.

Taxminlarga ko‘ra, Chiron kodli nomi ostida benchmark testidan o‘tkazilgan bu qurilma Xiaomi Mi Note 3 Pro modeli – Mi Note 3’ning nisbatan takomillashtirilgan va qimmatroq versiyasi bo‘lishi ham mumkin.

GizmoChina xabarida aytilishicha, benchmarkda kuzatilgan bu modelni Xiaomi yaqin haftalar ichida namoyish etishi ehtimoli yuqori.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.