Xiaomi top-menejeri bilmasdan Mi 10 narxi va taqdimot vaqtini «sotib qo‘ydi»! (+«jonli» surat)

  •   DiMaX
  •  2697
  •  11.01.2020 11:11

Xiaomi top-menejeri bilmasdan Mi 10 narxi va taqdimot vaqtini «sotib qo‘ydi»! (+«jonli» surat)

Xitoylik arzonchi smartfonsoz yaqin orada flagman turkumidagi yangi – Xiaomi Mi 10 hamda Mi 10 Pro modellarini namoyish qiladi. Bulardan birinchisi allaqachon AnTuTu benchmarkida rekord natija ko‘rsatib ham ulgurgan. Bugina emas...

O‘QING: Xiaomi hali taqdim etmagan Mi 10 5G sotuvga chiqdi: narxi va jihatlari bilan tanishing!

Xiaomi yangi mahsulotlar bo‘yicha bosh menejeri Van Teng Tomas (Wang Teng Thomas) kecha – 10 yanvar kuni ehtiyotsizlik qilib, ushbu flagmanning narxi va namoyish kunini aytib qo‘ydi. U mana bu postni Weibo tarmog‘ida e’lon qilib, keyin tezda o‘chirgan, ammo foydalanuvchilar undan skrinshot olib ulgurishgandi:

Mazkur postda u, 3500 yuan (taxminan 505 AQSh dollari)gacha narxli smartfon tanlayotganlar Xiaomi Mi CC9 Pro yoki Redmi K30 modellaridan birini olaverishlarini tavsiya etgan. Qimmatroq bo‘lsa-da, premial flagman xohlovchilar esa xitoycha Yangi yilgacha kutishlarini aytgan.

Ta’kidlash kerakki, «Osmon osti saltanati»da Yangi yil bizning kalendardagi 25 yanvar kuni boshlanadi, ammo xitoyliklar uni 10 fevralgacha nishonlashadi. Nima bo‘lganda ham, Xiaomi uni Samsung Galaxy S20 flagmanlar turkumining namoyishidan avval taqdim etmoqchi.

O‘QING: Ikkita hamyonbop Redmi bestselleri yangi versiyalarda sotila boshladi

Shu bilan birga, internetda Mi 10 ekranining har ikki tomonidan olingan «jonli» suratlari ham tarqaldi. Ularda displeyning yuqori o‘ng burchagida selfi-kamera uchun ochilgan ikkita tirqishni, ekran hoshiyasining o‘ta nozik ekanini yaqqol ko‘ramiz:

Demak, boshlang‘ich konfiguratsiyadagi Xiaomi Mi 10 narxi Xitoyning o‘zida 505 dollardan oshadi, boshqa mamlakatlarga u yanada qimmat bo‘lib chiqishi aniq. Mazkur kompaniya hali asosiy jihatlariga ko‘ra undan ham oshuvchi yana bir flagman tayyorlagan...

O‘QING: Rekord hajmli – 16 GB «operativka»li ilk smartfon tayyor, xususiyatlari bilan tanishing!