Huawei atigi 30 daqiqada 70% quvvatlanuvchi hamyonbop flagman namoyish etdi!

  •   DiMaX
  •  1754
  •  28.02.2020 14:58

Huawei atigi 30 daqiqada 70% quvvatlanuvchi hamyonbop flagman namoyish etdi!

Xitoylik texnogigant o‘zining P-seriyasidagi flagmanlari – Huawei P40 hamda P40 Pro modellarini mart oyida taqdim etishi kutilayotir. Bu yilgi uchlikning «kichkina»si – eng hamyonbopi bo‘lgan Huawei P40 Lite esa allaqachon namoyish qilindi.

O‘QING: Huawei P40/P40 Pro'lar TENAA'da

Boshidanoq aytib o‘tamiz: Huawei P40 Lite mutlaqo yangi model bo‘lmasdan, balki o‘tgan yilning oxirlarida eng ommabop smartfonlar reytingiga kirgan Huawei Nova 6 SE qurilmasining xalqaro versiyasidir.

Uning xususiyatlari o‘sha-o‘sha: 6,4 dyuymlik IPS-displey, tasvir aniqligi FHD+ formatida. Ekranning yuqori chap burchagida 16 megapiksellik kamera uchun tirqish o‘yilgan.

Huawei P40 Lite bosh kamerasi kvadrat blok ichidagi to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi: 48 MP (Sony IMX586), 8 MP (120º), 2 MP (chuqurlik sensori) va 2 MP (makro). Kamera fotochaqnog‘i bu blokdan pastda, barmoq izi skaneri esa korpusning yon qirrasida joylangan.

O‘QING: Huawei endi Samsung’ga qaqshatqich zarba berish yo‘lini topdi!

Ushbu gadjet Huawei’ning o‘z ishlanmasi – 8 yadroli Kirin 810 protsessori bazasida ishlaydi. Smartfonning tezkor xotirasi 8, doimiysi esa 128 gigabaytlik.

Huawei P40 Lite akkumulyatori yetarlicha baquvvat – 4 200 mA/soatlik bo‘lib, USB-C porti orqali 40 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Ishlab chiqaruvchining da’vosiga ko‘ra, bu usulda uning batareyasini 0 dan to 70 foizgacha atigi yarim soatda to‘ldirish mumkin!

Smartfon Wi-Fi 802.11ac hamda Bluetooth 5.0 simsiz interfeyslariga, korpusida standart quloqchin tirqishiga ega. NFC-modul haqida negadir kompaniya gap ochmagan; ayrim taxminlarga ko‘ra, sotiladigan bozoriga qarab ushbu chip bilan yoki uningsiz versiyalarda chiqarilishi mumkin.

Xitoyliklar bu «yengil» flagmanni EMUI 10 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizimi bilan ta’minlashgan, ammo unga Google servislari qo‘shilmagan. Ular o‘rniga smartfonga Huawei’ning o‘z ilovalari hamda AppGallery katalogi o‘rnatilgan. Huawei P40 Lite uchun kompaniya 300 yevro miqdorida narx belgilagan.

O‘QING: Google cho‘chib qoldi: u AQSh hukumatidan Huawei uchun afv so‘rayapti!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!