Apple iPhone egalariga 50 dollarlik chegirma berdi

Apple iPhone egalariga 50 dollarlik chegirma berdi

Amerikaning Apple kompaniyasi eski iPhone smartfonlarining tezkorligini sekinlashtirib qo‘ygani uchun rasman kechirim so‘rab, ishqibozlariga murojaat qildi. Garchi, kompaniya smartfonning uzog‘roq ishlashini ko‘zlab shunday qilganini aytgan bo‘lsa ham, bu qilmishi uchun qattiq tanqid ostiga olindi.

Apple tez orada bu ayfonlarning batareyasini almashtirish va batareya holatini nazorat qilib borishga yordam beradigan dasturiy ta’minot ishlab chiqishga va’da berdi.

Jabrlanuvchilarning hamda ayrim sudlarning fikrlariga ko‘ra, Apple bu orqali foydalanuvchilarni yangi ayfon olishga majbur qilgan va ruhiy tazyiq o‘tkazgan.

Apple bir avlod avvalgi iPhone'larning platformasi sekinlashtirilishini tan olgan va buni ayfondagi akkumulyator vaqt o‘tishi bilan ish samaradorligini yo‘qotishi bilan izohlagan.

"Biz foydalanuvchilarimizga imkon qadar eng yaxshi imkoniyatlarni yaratishga harakat qilamiz. Smartfon samarador bo‘lishi bilan birga, uzog‘roq xizmat ham qilishi kerak. Litiy batareyalar vaqt o‘tishi bilan kuchsizlanadi va smartfonning sovuqda hamda quvvati past sharoitda ishlashini ta’minlay olmaydi ", - deydi Apple o‘zining avvalgi bayonotida.

Apple'ning rasmiy saytida e’lon qilingan yangi bayonotga ko‘ra, endi kompaniya kafolat muddati o‘tib ketgan ayfonlarning akkumulyatorlarini almashtirish xizmatini 50 dollarga, ya’ni 79 dollardan 29 dollarga arzonlashtirgan. iPhone 6 yoki undan avvalgi ayfon foydalanuvchilari bu chegirmadan foydalanishlari mumkin.

Kompaniya bu orqali o‘z mijozlari uchun qanchalar qayg‘urayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa ham, ayni paytda AQSh da bu mojaroga daxldor 8 ta, shuningdek Isroil va Fransiyada ham sud ishlari davom etmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!