Apple, Samsung, Xiaomi va boshqa brendlarning telefonlariga qancha sarf qilsa arziydi?

Apple, Samsung, Xiaomi va boshqa brendlarning telefonlariga qancha sarf qilsa arziydi?

Har bir buyum yoki mahsulotning, xizmatning insof doirasidagi narxi bo‘ladi. Uning bahosi bu narxdan oshib ketsa, mantiqsizlik va noinsoflik holati sodir bo‘ladi.

Ko‘plab IT-kompaniyalar prays-listni "osmondan olib" yozishadi. Quyida taniqli brendlarning smartfonlari aslida qanday narxda sotilsa, insof doirasida bo‘lishi xususida ma’lumot beramiz.

Apple
Sotilayotgan narxi: 1150 AQSh dollari

Har yili yangi ayfon taqdimoti avvalida xitoylik zavodlardan bir xil "afsona" tarqaladi: yangi ayfon beqiyos va u hammaga ham yetmaydi. Odamlar shu bois ham Apple do‘konlari oldida navbatga turishadi, kompaniya qancha so‘rasa shuncha to‘lab beradi, smartfon xarid qilish uchun hech narsadan qaytmaydi.

So‘nggi 3-4 yildagi holat shundan dalolat bermoqdaki, ayfon bahosi u taqdim etilganidan 4-5 oy o‘tib, 350 AQSh dollariga arzonlashadi.

Misol uchun, iPhone X bahosi bozorga chiqqanidan 2 oy o‘tib, ya’ni hozirga paytda 15 foizga arzonlashgan. Shu yilning yozgacha uning bahosi 30 foizgacha tushishi kutilmoqda. Ko‘rib turibsizki, smartfonning asl bahosi o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.

Samsung

Narx borasida koreyaliklar doimo Apple'dan ortda bo‘lgan. Shu bilan birga, uning flagmanlari savdoga chiqqanidan keyin 3-4 oy o‘tib, 250 AQSh dollarga arzonlashadi.

Ekspertlarning fikricha, Samsung flagmanlari uchun uzog‘i bilan 700 dollar to‘lash kerak. Undan oshig‘iga bu gadjetlar munosib emas.


Google Pixel

«Pikseli» – chinakam Android muxlislari uchun "aqlli telefon". Bu smartfonlar juda tez sotiladi.

Guglofonlar juda sekinlik bilan arzonlashadi. Hatto ayfonlardan ham sekin.

Ayni paytda yetakchi bo‘lgan Pixel 2 va Pixel 2 XL uchun 800 AQSh dollaridan ortiq to‘lash joiz emas ekan.


LG

Bu koreyalik ham o‘zining narxini oshirishni yaxshi ko‘radi. Natijada, bozori yurishmaydi va tez orada narx yerga qulaydi.

Ekspertlarning fikricha, LG uchun uzog‘i bilan 550-600 AQSh dollari sarf qilish maqsadga muvofiq ekan.

Huawei

So‘nggi yillarda Huawei smartfonlarga narx qo‘yishda insof doirasini keskin kesib o‘tdi. Yaxshi ekran, yangi texnologiyalar, "aqlli" protsessor va yaxshi akkumulyator uchun qo‘yilgan narx ham yaxshigina.

Ekspertlarga ko‘ra, xitoylik yetakchi flagmanlar aslida 500 AQSh dollaridan oshig‘iga arzimaydi. Buning sabablari ko‘p. Birinchidan, brend tez-tez smartfon dizaynini ko‘chiradi. Ikkinchidan, bir yil o‘tib yangi flagmanlar bahosi keskin arzonlashadi.


Xiaomi
Bu xitoylikning bosh o‘ziga xosligi -- arzonligi. U shu jihati bilan hammani o‘ziga qarata oldi.

Xiaomi Redmi modelini 120 dollarga sotib olish ham mumkin. 170 dollarga esa ekrani va kamerasi yaxshi bo‘lgan, xotira sig‘imi 3-4 gigabaytli, akkumulyatori 3500 mA soat sig‘imli smartfon xarid qilish mumkin.

Xiaomi Mi6 ham jahon bozorida avvaliga 480 dollardan sotilgan bo‘lsa, hozirda uning bahosi 425 dollarni tashkil qiladi.

Xitoylik smartfonlarga aslida 400 dollardan oshiq sarf qilish tavsiya qilinmaydi.

Nokia

Bu kompaniyaning o‘tmishdagi nomi bilan aloqasi qolmadi. Yangi Nokia "zerikarli" flagmanlar va o‘rta narxli, biroq jihatlari o‘ziga yarasha smartfonlar ishlab chiqarmoqda. Ularni "toza" Android bo‘lgani uchun yoki Nokia muxlisi bo‘lganingiz uchun xarid qilishingiz mumkin.

Misol uchun, Nokia 3 boshlang‘ich darajali devays bo‘lib, 2017 yilda jahon bozoriga 170 AQSh dollari bahosiga chiqarilgan edi. Bu "aqlli telefon"ning raqiblari qatorida Xiaomi Redmi 4A yoki Meizu M5c kabi modellarni aytish mumkin. Shu bilan birga, bu gadjetlarning protsessorlari birmuncha kuchli. Xiaomi Redmi 4A o‘rtacha 80 dollardan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!