Eksklyuziv video: Galaxy S8 va iPhone 7’ni betonga tashlab ko‘rishdi!

  •   DiMaX
  •  3646
  •  06.04.2017 17:52

Eksklyuziv video: Galaxy S8 va iPhone 7’ni betonga tashlab ko‘rishdi!

Samsung kompaniyasi yaqinda Galaxy S8 hamda Galaxy S8 Plus flagmanlarini taqdim etganidan xabaringiz bor. Bu yangi smartfonlar ham xuddi avvalgilaridek, rasman taqdim etilishigachayam katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, keyin esa ularning xususiyatlarini raqobatchilari bilan solishtirish, rekordlarini ta’kidlash tendensiyasi avj oldi.

Jumladan, uning qiyinchilik bilan iPhone 7’ni mag‘lub qilgani, kameralarining boshqa flagmanlar bilan qiyoslanishi shular qatoridandir. Shu bilan birga, undagi iPhone 7’dan ustun 6 texnologiya, ammo sotib olmaslik uchun 5 sabab ham ko‘rsatildi, ikki raqobatchining akkumulyatorlari “jangi” o‘tkazildi, Galaxy S8’ni aldash yo‘li topilgani ma’lum qilindi.

Endi esa navbat mazkur smartfonning tashqi chidamlilik sinoviga, ya’ni – drop-testga keldi.

Ma’lumki, Galaxy S8 va Galaxy S8 Plus modellarining korpusi, xuddi oldingi ikkita flagmandagidek – old va orqa tomonlari toblangan shishadan ishlangan, o‘rtasida esa metall rom. Xo‘sh, ularning zarbalarga chidamlilik darajasi qanaqa ekan? YouTube’dagi TechRax kanalida videobloger Taras Maksimyuk dunyoda birinchilardan bo‘lib shuni sinab ko‘rishga qaror qildi. U Samsung’ning yangi flagmanlari romsiz dizayni qanchalik muvaffaqiyatli chiqqanini, ular qo‘ldan tushib ketsa nima bo‘lishini tekshirib ko‘rdi.

Ko‘rib turganingizdek, drop-testda Galaxy S8 modeli alvon rangli iPhone 7 bilan birga, bir xil sharoitda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Pastki chekkasi bilan qattiq yuzaga tushganida har ikki smartfon ham biror jiddiy shikast olmagan. Ikkinchi tashlanishida esa Galaxy S8 to‘g‘ridan-to‘g‘ri pastki burchagi bilan urilgan. Bunda uning perimetridagi metall romda sezilarli izlar paydo bo‘lgan, ammo shisha yuzasi butun qolgan.

Keyin esa har ikki gadjetni old yuzasi bilan betonga tashlab ko‘rishgan. Natijada iPhone 7 oynasi sinib ketgan, smartfonning o‘zi esa umuman yoqilmay qolgan. Galaxy S8 old oynasining esa yuqori burchaklarida chatnash yuzaga kelgan, xolos. Aftidan, bunda Samsung flagmanining old va orqa yuzalariga qoplangan Gorilla Glass 5 toblangan shishasining xizmati katta.

Biz esa sizga o‘z smartfonlaringiz ustida bu kabi testlar o‘tkazib ko‘rishni tavsiya etmaymiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!