Eksklyuziv video: Nokia 8 tig‘ va olov sinovida!

  •   DiMaX
  •  1284
  •  05.10.2017 14:55

Eksklyuziv video: Nokia 8 tig‘ va olov sinovida!

Nokia brendi o‘z telefonlarining boshqa jihatlaridan tashqari, korpusi mustahkamligi bilan ham nom qozongan edi. Xo‘sh, uning hozirda ishlab chiqarayotgan smartfonlari ham shu xususiyati bilan maqtana oladimi?

Bu yil bir necha modellardagi smartfonlari hamda «qayta tug‘ilgan» Nokia 3310 (2017) tugmachali telefoni bilan bozorga qaytgan ushbu brendning mahsulotlari orasida hozirda flagmani – Nokia 8 hisoblanadi. Shuni inobatga olib, JerryRigEverything nomli YouTube-kanal muallifi Zak Nilson bu smartfon ustida mustahkamlik sinovini o‘tkazdi hamda uning videosini internetga joyladi.

Marhamat, o‘zingiz tomosha qiling:

Guvohi bo‘lganingizdek, Nokia 8 ham yetarlicha mustahkam chiqdi. Uning old paneli Gorilla Glass 5 talqinidagi 2.5D-shisha bilan qoplangan. Zak Nilson uni Moos shkalasi bo‘yicha oltinchi darajadagi qattiqlikka ega jihoz bilan tirnay oldi, bu esa yaxshi natijadir. Kamera modullarining hamda barmoq izi skaneri joylangan tugmachaning ham shikastlanishdan muhofazasi chakki emas.

Shuningdek, sinovchi Nokia 8 ekranini zajigalka bilan ham yondirib sinab ko‘rdi. Bunda ham qurilma o‘zining baquvvatligini namoyon etdi; zero, IPS-ekranlar kuchli qizishdan keyin tezda o‘zini tiklab oladi.

Smartfonning metall korpusi 6000 seriyali alyuminiydan yasalgan. Garchi ayrim raqobatchilar bundan ham mustahkam 7000 seriyali alyuminiyga o‘ta boshlagan bo‘lsalar-da, Nokia 8 ham bukishlarga a’lo darajada qarshi tura oldi.

Uning orqa panelida kalitlar hech qanday iz qoldira olmadi. Kanselyariya pichoqchasi – boshqa masala, ammo hech kim cho‘ntagiga yoki sumkachasiga telefon bilan birga bunaqa o‘tkir uskunani solmaydi-da.

Aytib o‘tish kerakki, JerryRigEverything kanaliga aynan turli gadjetlar ustida mana shunga o‘xshash testlar videolari joylab boriladi. Jumladan, Zak Nilson tomonidan iPhone 7, HTC U Ultra Sapphire Edition, Nokia 3310 (2017), Galaxy Note 8, Xiaomi Mi Mix ustida o‘tkazilgan qaltis tajribalar haqida ham yozganmiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!