Eng qimmat Apple Watch ham uddalay olmagan ishga qodir Haier Asu smart-soati taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  3615
  •  02.03.2018 12:03

Eng qimmat Apple Watch ham uddalay olmagan ishga qodir Haier Asu smart-soati taqdim etildi

«Aqlli» soatlar haqida gap ketganida, Apple fanatlari darrov Apple Watch’ni, Android-smartfonlar egalari esa Samsung Gear S turkumidagi smart-soatlarni eslashadi. Ammo taqiluvchi gadjetlar bozorida boshqa ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari ham bor va ayrim jihatlari bo‘yicha bulardan qolishmaydi ham.

O‘QING: Apple Watch’dan uch karra arzon, 45 kun avtonom ishlaydigan smart-soat taqdim etildi

Kuni kecha taqdim etilgan Haier Asu «aqlli» soati esa, hatto dunyodagi yetakchi IT-korporatsiyalar mahsulotlari ham uddalay olmaydigan funksiyaga ega bo‘ldi. Bu devaysning asosiy o‘ziga xosligi shundaki, soatning o‘ziga betakror proyektor joylangan!

Haier Asu 1,54 dyuymlik displeyga ega, unda aks etgan turli ma’lumotlarni esa soat proyektor bevosita foydalanuvchining qo‘li yuzasiga «chiqarib» bera oladi. Masalan – sana, vaqt, yurilgan masofa, tashlangan qadamlar soni, sarflangan kaloriya va hokazo ma’lumotlar.

Bulardan tashqari, yangi devaysning maqtanishga arzigulik yana bir xususiyati bor: uni ishoralar orqali boshqarsa bo‘ladi! Buning uchun foydalanuvchi Haier Asu’ning o‘ziga teginmasdan turib, o‘z qo‘lida ishoralarni bajarsa yetarli. Shunga o‘xshash texnologiyaga ega bo‘lgan «aqlli» soat ustida yetakchi texnologik kompaniyalardan biri ham ishlayotgani haqida yaqinda xabar bergan edik.

O‘QING: Huawei umuman teginmasdan boshqariluvchi smart-soat tayyorlamoqda

Haier Asu soatini Barselonada bo‘lib o‘tgan MWC 2018 ko‘rgazmasining oxirgi kuni ommaga namoyish etishdi. Mazkur gadjet 4G LTE tarmog‘ida ishlay oladi, 1,2 GGs takt chastotasida ishlovchi protsessor (ishlab chiqaruvchisi va modeli ma’lum qilinmagan) va 1 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. U yana GPS, LTE 4G, giroskop, yurak urishi skaneri kabi datchiklar bilan ham jihozlangan. Buning ustiga, smart-soat korpusi IP65 standarti bo‘yicha chang va namdan himoyalangan.

Ishlab chiqaruvchining e’tirof etishicha, ushbu «aqlli» soat hali takomillashtirishga muhtoj va kompaniya xodimlari hozirda buning ustida ishlashmoqda. Smart-soat joriy yilning ikkinchi choragida savdoga chiqarilishi mumkin. Uning narxi ma’lum qilinmayapti, tahlilchilar fikriga ko‘ra, Haier Asu taxminan 149 AQSh dollariga baholansa kerak.

O‘QING: Samsung Gear S4 smart-soati Apple Watch’dan har tomonlama ustun bo‘ladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.