Facebook tan oldi: u Android-smartfonlardagi qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlarni kuzatmoqda!

  •   DiMaX
  •  3833
  •  26.03.2018 18:27

Facebook tan oldi: u Android-smartfonlardagi qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlarni kuzatmoqda!

Keyingi kunlarda Facebook kompaniyasi ustida bir qator mojarolar davom etayotir. WhatsApp yaratuvchilaridan biri – Brayan Ekton ushbu ijtimoiy tarmoq o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini sotishda ayblab, uni boykot qilishga chaqirmoqda.

O‘QING: Facebook kuzatuvini cheklaymiz

Bundan tashqari, Facebook bilan bog‘liq yana bitta masala ko‘tarildi – mazkur ijtimoiy tarmoq o‘z ilovalari orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plab borar ekan. Jumladan, Android-smartfon tutayotgan va unda Facebook ilovasini ishlatayotgan bo‘lsangiz, sizning hatto oddiy qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlaringiz ham bu kompaniya kuzatuvi ostida!

Facebook bu borada o‘z munosabatini bildirib, chindan ham Android-qurilmalar egalarining xabarlashuv va so‘zlashuvlarini kuzatib kelayotganini tan oldi. Shu bilan birga, bu «kuzatuv» opsional xarakterga ega ekanini va foydalanuvchilarning roziligi bilangina amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoq bayonotida ma’lum qilinishicha, foydalanuvchi Android-devaysida Messenger yoki Facebook Lite ilovasi orqali avtorizatsiyadan o‘tayotganida, undan rozilik olinadi. Ya’ni, bu jarayonda uning kontaktlari, shuningdek qo‘ng‘iroqlari va xabarlari haqidagi ma’lumotlarning doimiy uzatilib turilishiga ruxsat so‘raladi. Foydalanuvchilar esa bu ogohlantiruv xabarnomasini o‘qib ham o‘tirmasdan, avtomatik tarzda tasdiqlab yuboraveradilar. Demakki, telefondagi qo‘ng‘iroqlaringiz va xabarlaringizni kuzatib borishi uchun Facebook’ka o‘zingiz ruxsat bergan bo‘lib chiqyapsiz!

Qizig‘i shundaki, Facebook kompaniyasining iOS tizimi uchun ishlab chiqilgan ilovalarida ayni shu funksiya yo‘q. Demak, iPhone egalarining ayni mana shu ma’lumotlari Facebook tomonidan kuzatib borilmayapti.

O‘QING: Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!