«GAI»ning bodi-kamerasini qo‘lda tayyorlasa nima bo‘ladi?

  •   DiMaX
  •  1527
  •  07.02.2020 10:42

«GAI»ning bodi-kamerasini qo‘lda tayyorlasa nima bo‘ladi?

Joriy yilning 1 yanvaridan yurtimizdagi yo‘l-patrul xizmati xodimlari bodi-kamera, ya’ni mobil kameradan foydalangan holda xizmat o‘tashni boshlashgan. Mobil kameralardan foydalanish tartibi bo‘yicha ayrim savollarga Ichki ishlar vazirligi YHXBB Axborot xizmati bergan javoblarni e’lon qilganmiz.

O‘QING: Haydovchilar, diqqat qiling: mobil kamera nigohidasiz!

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida fonardan yasalgan «bodi-kamera», yelim ko‘krak nishoni va qalbaki guvohnoma bilan «xizmat olib borayotgan» soxta «GAI» qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga tayanib Xabar.uz nashri yozmoqda.

Unga ko‘ra, shu yilning 6 fevral kuni M-39 «Toshkent-Termiz» xalqaro avtomobil yo‘lida xizmat olib borayotgan Toshkent viloyati IIBB YHXB inspektorlari, safdor Bekjon Yerejepov va serjant Mansur Normatovlar ushbu yo‘lda harakatlanib kelayotgan «Kamaz» yuk mashinasini ko‘rikdan o‘tkazish uchun to‘xtatadi. Shunda haydovchi inspektorlarga chamasi 900 metrlar oralig‘ida bir «GAI» xodimi uni to‘xtatib hujjatlarini tekshirganligini, ammo uning bodi-kamerasi odatdagidan boshqacharoq ekanligini ma’lum qiladi.

YPX inspektorlari zudlik bilan aytilgan joyga yetib borib, u yerda Nexia rusumli avtomobilda o‘tirgan «xodim»ni ko‘rishadi. Undan kimligini so‘rashganida u voqea joyidan qochib ketmoqchi bo‘ladi. Xodimlar uni qo‘lga olib, Chinoz tuman IIBga olib borishadi. Shundan so‘ng, IIB tezkor xodimlari xolislar ishtirokida uning boshqaruvida bo‘lgan avtomashina salonini ko‘zdan kechirishganida, u yerdan 24 dona bir xil seriya va raqamli ma’muriy bayonnomalar, Farg‘ona viloyati IIB tomonidan berilgan xizmat guvohnomasining rangli nusxasi hamda uning egnidagi kiyimiga o‘rnatilgan, «Diqqat» yozuvi tushirilgan qalbaki bodi-kamera va yelimdan eritib yasalgan YPX inspektorining ko‘krak nishoni hamda jezl ashyoviy dalil sifatida olingan.

– Muqaddam ichki ishlar organida ishlaganman, 2016 yilda o‘z ixtiyorim bilan bo‘shaganman, – deydi siri fosh bo‘lgan soxta «GAI» xodimi. – Ko‘krak nishoni va bodi-kamerani o‘zim qo‘lbola usulda yasagan edim. Xato qildim, bu ishimdan pushaymonman.

Hozirda Chinoz tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu shaxs avval ham – 2018 yilning yanvar oyida ichki ishlar organi xodimining kiyimini kiyib, qo‘lbola usulda yasalgan ko‘krak nishonini taqib soxta «GAI»lik bilan Sirg‘ali tumani hududida shug‘ullanayotgan vaqtda qo‘lga tushgan ekan.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 227 va 228-moddalari 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik yuzasidan ayblov e’lon qilinib, sud qarori bilan axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan.

Toshkent viloyati IIBB fuqarolardan ushbu shaxsni tanisa va uning noqonuniy harakatlaridan jabr chekkan bo‘lsa murojaat qilishlarini so‘ragan.

O‘QING: YPX xodimining smartfoni bodi-kamera bo‘la oladimi?