Galaxy S9 hamda S9+ egalari ulardagi jiddiy muammodan shikoyat qilishmoqda
Janubiy koreyalik gigantning so‘nggi taqdim etgan flagmanlari yana foydalanuvchilar e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu gal masala bevosita smartfonning asosiy funksiyalari ishlamasligi bilan bog‘liq, deb yozadi SamMobile.
O‘QING: Allaqachon Galaxy S9 va S9+ nuqsonlaridan shikoyat qila boshlashdi
Gap shundaki, so‘nggi yangilanishlar o‘rnatilganidan keyin Galaxy S9 va S9+ smartfonlari kiruvchi qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabarlarni qabul qilmay qo‘ygan. Bu nuqson ushbu flagmanlarning ikkita SIM-kartani qo‘llab-quvvatlovchi modellarida kuzatilayotir.
Tabiiyki, Samsung flagmanlaridagi kamchilikni birinchi bo‘lib ularning sohiblariga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmagan yaqinlari aniqlashgan. Ular Galaxy S9 ishlatayotganlarga SMS-xabar yuborib ham bog‘lana olishmagan. Bu orada yangi flagmanlar sohiblari o‘zlariga kimdir bog‘lana olmayotganini sezishmagan ham.
Ayni damda bu muammoni hal etishning birorta ham yo‘li topilgan emas. Ayrimlar esa telefon sozlamalariga kirib, spamdan himoya funksiyasini o‘chirib qo‘yish orqali undan qutulishgan. Lekin aksariyat foydalanuvchilar smartfonning sozlamalarini to‘liq boshlang‘ich holatiga qaytaribgina muammoni bartaraf etishgan.