Galaxy S9'ning munosib raqibini qarshi oling

Galaxy S9'ning munosib raqibini qarshi oling

Joriy yilda "peshonasi"da tirqishi yo‘q birgina har jihatdan ma’qul flagman smartfon taqdim qilindi. Bu -- Samsung Galaxy S9. LG G7 ThinQ yoki OnePlus 6 smartfoni ham, ekran ustidagi kesiqni inobatga olmaganda yomon emas. Joriy yilda Xiaomi Mi 8 modelida ham shunday o‘yiqni ko‘rsak ajab emas. Yaponiyaning Sony kompaniyasi esa doimgiday kuchli, ammo dizayni o‘tmishga mansub smartfon taqdim etish an’anasini buzgani yo‘q. Shu bois Koreyaning korporatsiyasiga smartfon ishlab chiqarishda hozircha munosib "Android raqib" yo‘q. Biroq tez orada bozorda bunday raqib paydo bo‘ladi. Bu -- HTC U12+.

Kuni kecha taniqli va "bexato" insayder hisoblangan Evan Blass (@evleaks) smartfonga oid yangi xabarlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra HTC U12+ flagmani eng ilg‘or mobil texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Ya’ni, Samsung Galaxy S9 modelini ham dog‘da qoldiradi.

O‘qing: 4,5 ming dollarlik iPhone X taqdim qilindi

Tayvanlik brend 6 dyuymli ekran uchun 2880 ga 1440 piksel (Quad HD+) sig‘imli displey tanlagan. Ekran tomonlarining nisbati 18:9 o‘lchamli bo‘ladi. Bu ekran so‘nggi ayfon kabi HDR 10 funksiyasiga ega bo‘ladi. Ekran, shuningdek Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplab olinadi.

Joriy yilgi an’analar asosida 8 yadroli, 2,8 GGs chastotat tezligiga ega Qualcomm Snapdragon 845 protsessori platformadagi muhim apparat ta’minoti bo‘ladi. Grafik-tasvirlarni Adreno 630 video kartasi qayta ishlasa, aloqa sifati uchun X20 LTE modemi javob beradi.

6 GB tezkor hamda 64/128 GB doimiy xotira ko‘pchilik uchun ma’lumot saqlashda yetarli bo‘lsa kerak.

USB Type-C nafaqat ma’lumot almashish, balki elektr toki sig‘imi 3500 mA soat bo‘lgan akkumulyator batareyasini Quick Charge 3.0 (4.0) texnologiyasi asosida 45 – 55 daqiqa ichida tezkor quvvatlash uchun ham asqotadi.

Yangi smartfonning muhim jihatlaridan biri qo‘sh sensorli bosh kamerasi bo‘ladi. Bu kamera 12 Mp hamda 16 Mp sig‘imli sensorlardan tashkil topgan. Ularda 2 karralik yaqinlashtirib olish funksiyasi mavjud. Bu kamerada orqa fonni g‘ira-shira qilib ham surat olish mumkin.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, kamera juda ilg‘or va ko‘plab texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon qo‘sh tusli svetodiodli fotochaqnoq bilan ta’minlangan. Old kamera 8 megapikselli va 84 gradus ostida keng burchakli suratlar oladi. Old kamerada Face Unlock nomli foydalanuvchi qiyofasini skanerlash texnologiyasi ham tatbiq qilingan.

HTC U12+ korpusining o‘lchamlari: 156,6 x 73,9 x 8,7 mm (9,7 mm kamera bilan), mobil qurilma vazni 188 gramm.


Ishlab chiqaruvchi smartfon IP68 standarti bo‘yicha suv hamda changdan himoyalanganini aytmoqda. Smartfon 4G tarmog‘ining barcha standartlarida hamda VoLTE ovozli tarmoqlarda ishlaydi, Bluetooth 5.0, Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs) va NFC modullariga ega, Android 8.0 Oreo'ning o‘zlashtirilgan HTC Sense tizimi bilan maqtana oladi.

HTC U12+ modelining eng kenja talqini uchun $749 dollar narx belgilanadi. Yuqori talqin esa $829 dollardan sotiladi.

O‘qing: OnePlus 6'da olingan ilk suratlar

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!