Ideal emas, lekin arzon: Galaxy Note 10 Lite narxi va xususiyatlari, namoyish kuni aniq bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  6422
  •  23.12.2019 13:32

Ideal emas, lekin arzon: Galaxy Note 10 Lite narxi va xususiyatlari, namoyish kuni aniq bo‘ldi

Samsung kompaniyasi yaqin orada Galaxy A81 va Galaxy A91 smartfonlarini taqdim qilishi kutilmoqda. Bu ikki model ayrim mamlakatlar bozorlariga tegishlicha Galaxy Note 10 Lite hamda Galaxy S10 Lite nomlari ostida chiqarilishini aytishmoqda.

O‘QING: Galaxy A51, A71, A81 va A91 smartfonlarining narxlari ma’lum bo‘ldi!

Winfuture nashri insayderlarga tayangan holda Samsung Galaxy Note 10 Lite haqida batafsil ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2020 yilning yanvarida taqdim etiladigan ushbu smartfon diagonaliga 6,7 dyuymlik AMOLED-displeyga ega. Tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik ekranning yuqori qismi o‘rtasida 32 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish ochilgan.

Galaxy Note 10 Lite smartfonining «elektron yuragi» bo‘lib Samsung’ning bulturgi flagman protsessori – Exynos 9810 xizmat qiladi. Unga 6 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi, qurilmaning doimiy xotirasi esa 128 gigabaytlik.

Ushbu smartfon yana 4500 mA/soatlik akkumulyatori va 25 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ham maqtana oladi. Biroq simsiz quvvatlash texnologiyasi bu fabletga tatbiq etilmagan. Galaxy Note 10 Lite bosh kamerasi har biri 12 megapiksellik uchta datchikni o‘z ichiga oladi.

O‘QING: Samsung uchta arzonlashtirilgan smartfonini ertaroq chiqaryapti

Galaxy Note 10 Lite o‘lchami 163,7x76,1x​​8,7 millimetrni, vazni esa 198 grammni tashkil etadi. Garchi «Lite» bo‘lsa-da, qurilma baribir fablet liniyasiga tegishli, shuning uchun jamlanmasiga stilus ham qo‘shilgan.

Mazkur fablet korpusida quloqchin uchun standart 3,5 millimetrlik audiotirqish mavjud. Samsung uni 10 yanvarda namoyish etishi aniqlangan.

Yuqoridagi xususiyatlariga qaraganda, Galaxy Note 10 Lite ideal fablet bo‘la olmaydi, ammo narxi ham shunga yarasha hamyonboproq. Kompaniya uni shu paytgacha tarqalgan mish-mishlarda aytilganidan arzonroq – 609 yevrodan sotmoqchi.

O‘QING: Samsung aytmasayam, yangi yilgacha chiqadigan Galaxy S10 Lite narxi va xususiyatlari fosh bo‘ldi