iPhone’lar va Android-smartfonlar uchun Xiaomi muhim aksessuar yaratdi
Xabaringiz bor – audio-quloqchinlarga mo‘ljallangan an’anaviy 3,5
millimetrlik tirqishdan birinchi bo‘lib Apple voz kechdi
– iPhone 7’da bunaqa port yo‘q. Endi bora-bora boshqalar ham quloqchinga ovoz
uzatish uchun Bluetooth yoki USB Type-C interfeyslaridan foydalanishga o‘tishlari
taxmin qilinayotir. Masalan, Xiaomi o‘zining oxirgi flagmani – Mi6 modelini 3,5
millimetrlik audiotirqishsiz chiqardi. Simli quloqchinlarni esa smartfonga USB
Type-C yoki Bluetooth orqali ulashni taklif etdi. Bu qurilmaning jamlanmasida USB
Type-C portiga 3,5 millimetrlik quloqchinlarni ulovchi adapter ham birga keladi.
Biroq yangicha smartfonlarga an’anaviy quloqchinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab bo‘lmasligi
baribir foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘dirib kelayotir. Zero, quloqchin devaysga
USB Type-C adapter orqali ulanganida o‘ta noqulay va g‘alati ko‘rinadi.
Shu boisdan ham, kuni kecha Xiaomi kompaniyasi taqdim etgan aksessuar barcha
turdagi smartfonlar uchun muhim ahamiyatga ega. Bu – Xiaomi Bluetooth Reciever
deb nomlanuvchi jihoz bo‘lib, 3,5 millimetrlik tirqishi orqali unga quloqchin yoki kolonka
ulash imkoni mavjud. Uning o‘zi esa smartfonga, planshetga, hatto mashinaning
magnitolasiga Bluetooth 4.2 standarti orqali ulanib, ovozni yetkazib beradi. Mitti
akkumulyatori esa bitta to‘ldirilganda 5 soat davomida ishlashiga imkon beradi. Uning
97 mA/soat sig‘imli bu batareyasi microUSB orqali quvvatlantiriladi.
Garchi kolonkaga ham ulash imkoni bo‘lsa-da, Xiaomi Bluetooth Reciever ko‘proq quloqchinlarga mos keladi, zero, uning kiyimga qistirib qo‘yiladigan ilgichi ham mavjud. Aksessuarning vazni ham atigi 10 grammni tashkil etadi.
Xitoyliklar kompaniyasi har jihatini o‘ylab, Xiaomi Bluetooth Receiver’ni
ham iPhone’lar, ham Android-smartfonlar bilan birgalikda ishlay oladigan qilib
chiqargan. Uning narxi ham aytarli baland emas – Xitoyda 99 yuan bo‘lib, bu 15 AQSh
dollariga to‘g‘ri keladi.