LG G7 flagmani taqdimotiga oz qoldi

  •   DiMaX
  •  1036
  •  15.03.2018 15:57

LG G7 flagmani taqdimotiga oz qoldi

Mobile World Congress 2018 ko‘rgazmasida LG kompaniyasi o‘zining G7 flagmanini namoyish qilgani yo‘q. Biroq internetdagi manbalar tarqatgan xabarlarga ko‘ra, mazkur smartfon shu bahordayoq taqdim etilib, sotuvga ham chiqariladi.

O‘QING: LG: Galaxy S9 va iPhone X'ga qarshi yangi «kushanda» tayyor

Gap-so‘zlarga qaraganda, bu qurilmaning displeyi diagonaliga 6 dyuymga yaqin va ustida «o‘yiq»li bo‘ladi. Mazkur «kemtik»ka old kamera va boshqa datchiklar joylashadi. Tasvir aniqligi 3120x1440 pikselli bo‘lishi aytilmoqda.

LG G7 modelining «elektron yuragi» sifatida ilg‘or Snapdragon 845 protsessori tanlangan. Mazkur chipset 2,8 GGs.gacha takt chastotasida ishlovchi sakkizta Kryo 385 yadrosini hamda baquvvat Adreno 630 grafik kontrollerini o‘zida birlashtiradi.

Korpusning orqa tomonida 16 megapikselli qo‘shaloq kamera va uning ostida daktiloskopik datchik o‘rin olgan. Akkumulyatori esa 3000 mA/soatlik sig‘imga ega.

LG ushbu smartfoning taqdimotini aprel oyida o‘tkazishni rejalashtirgan. Savdoga esa u may oyida chiqariladi.

Xabarlarga ko‘ra, yangi flagman o‘zining «ajdod»i – G6 modelidan 100 dollarga qimmat bo‘ladi, ya’ni uning narxi 800 dollardan oshadi. Shuningdek, uning nisbatan kattaroq hajmli xotiraga ega G7 Plus modifikatsiyasi ham bo‘lishi mumkin, deyishmoqda.

O‘QING: "LG G710" — LG'dan jiddiy "kambek"!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!