«Malika»dagi eng hamyonbop Xiaomi smartfonidan ham arzon, tag‘in romsiz Honor 7 taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  3057
  •  19.05.2018 11:45

«Malika»dagi eng hamyonbop Xiaomi smartfonidan ham arzon, tag‘in romsiz Honor 7 taqdim etildi!

Honor 7X, 7C hamda 7A modellaridan so‘ng, Huawei kompaniyasi ushbu turkumning eng arzon vakilini rasman namoyish etdi. U shunchaki Honor 7 deb nomlanadi, ammo uni 2015 yildagi Honor 7 bilan adashtirmaslik kerak.

O‘QING: Honor Play 7C taqdim qilindi: Xiaomi Redmi 5'ga munosib raqib

Honor 7 hozirda urfga kirgan romsiz ekran dizayniga ega. Uning 5,45 dyuymlik displeyi tasvir aniqligi HD+ formatida, ya’ni 720x1440 pikselli. Trendga ko‘ra, ekranning tomonlari ham o‘zaro 18:9 nisbatda.

Ushbu smartfonda barmoq izi skaneri yo‘q. Asosiy va old kameralari tegishlicha 13 va 5 megapikselli yakka modullarga ega.

O‘QING: Honor 10: flagman yarim narxida taqdim qilindi

Huawei bu yangi gadjeti uchun «elektron yurak» tarzida to‘rt yadroli MediaTek MT6739 protsessorini tanlagan. Telefonning tezkor xotirasi 2 gigabayt, ichki flesh-xotirasi esa 16 gigabayt hajmga ega. Shuningdek, unga yana 256 gigabaytgacha hajmdagi microSD-karta joylasa bo‘ladi. Ko‘pchilik smartfonlarda bo‘lganidek, bu xotira kartasi ikkinchi SIM-karta o‘rniga qo‘yilmaydi. Ya’ni, Honor 7 modelida ikkita SIM-karta hamda microSD-karta uchun alohida-alohida uyachalar ajratilgan.

Ushbu smartfon to‘rtinchi avlod – LTE standartidagi uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz aloqa uchun unga Wi-Fi (802.11n), Bluetooth 4.2, GPS va GLONASS modullari ham o‘rnatilgan. Honor 7 akkumulyatori 3020 mA/soatlik tok sig‘imiga ega.

Yangi Huawei smartfonining eng xursand qilarli jihati – uning narxidir. Axir, Xitoyda bu devays uchun 599.00 yen miqdorida narx belgilangan, bu esa taxminan 93,89 AQSh dollariga teng! Uch xil – qora, tillarang va moviy korpuslardagi Honor 7 smartfoni 22 maydan savdoga chiqariladi. Ya’ni, eng «xalqparvar» smartfonsoz – Xiaomi’ning ayni damdagi eng arzon Redmi 5A modelidan ham Honor 7 arzonga tushyapti!

O‘QING: Eng arzon Xiaomi smartfoni eng qimmat Samsung flagmanidan qaysi ko‘rsatkichda o‘zib ketdi?