Mutaxassislar: Apple smart-ko‘zoynaklari ham iPhone kabi muvaffaqiyatga erishadi

  •   DiMaX
  •  1211
  •  30.08.2017 12:54

Mutaxassislar: Apple smart-ko‘zoynaklari ham iPhone kabi muvaffaqiyatga erishadi

Bernstein tahlil kompaniyasi mutaxassisi Toni Sakkonachi fikriga ko‘ra, Apple’ning «aqlli» ko‘zoynaklari kelajakda katta muvaffaqiyatlarga erishib, keng ommalashadi. Bu haqda PhoneArena sayti xabar bermoqda.

Apple kompyuter savdosini boshlagan ilk kompaniya bo‘lmaganligi barchamizga ma’lum. Shuningdek, birinchi smartfon va planshetlarni ham bozorga dastlab u olib kirgan emas. Ammo Apple’ning bitta qoyilmaqom yutug‘i bor: qurilma va dasturiy ta’minotni o‘zaro bog‘lash masalasiga o‘ziga xos yondashganligi evaziga, u mana shu gadjetlarni ommalashtirishga erishgan.

Sakkonachi so‘zlariga ko‘ra, smart-ko‘zoynaklar masalasida ham bizni xuddi shu ssenariy kutayotir. Uning ta’kidlashicha, hozirda tadqiqotlarga sarflash uchun Apple’da «ortiqcha pul» mavjud. Uning mazkur sohaga sarflagan mablag‘lari esa 2019 yildayoq, ya’ni – taqiluvchi elektronika jihozlari bozori ayni avjiga chiqqan pallada kompaniyaga qaytib keladi.

Xo‘sh, Apple «aqlli» ko‘zoynagini ham Google Glass va Microsoft HoloLens kabi smart-ko‘zoynaklarning taqdiri kutmayotganiga Toni Sakkonachi nimaga bunchalik ishonyapti? Buning boisi shundaki, Apple nafaqat qurilma va dasturiy ta’minotdan iborat majmuaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni uddalaydi, balki buning natijasida xaridorlarni ayni shu gadjetlar kerakligiga ham ishontira biladi.

Apple ko‘zoynaklarining yutuqqa erishuvini prognoz qilayotgan ko‘plab mutaxassislar kabi, Sakkonachi ham bir narsaga ishonmoqda: Apple Watch’dagi kabi muammolar bu gal yuzaga kelmaydi. «Olma»ning smart-ko‘zoynaklarini kamida iPad darajasidagi muvaffaqiyat kutayotir, deydi mutaxassis. U hatto, bu devays iPhone darajasida yutuqqa erishishi ham mumkinligini ta’kidlamoqda!

Shunisi ham borki, hali bu – mazkur qiziqarli gadjetni hech kim ko‘zi bilan ko‘rmagan holatdagi tasavvurlardir.

Ta’kidlash kerakki, «aqli» ko‘zoynak borasida, yuqorida aytib o‘tilgan Google va Microsoft’dan tashqari, yana Essential va Facebook singari kompaniyalar ham izlanishlar olib borishmoqda. Bunga yaqin yo‘nalishdagi ixtirolarga kelsak, Snapchat bir yil avvaloq kamerali ko‘zoynaklarni namoyish etgan, Samsung bo‘lsa, ekran va kamerani bitta linzaga joylashtirish ustida ishlamoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!