Samsung’ning qo‘shaloq kamerali ilk smartfoni videoda aks etdi

  •   DiMaX
  •  1492
  •  30.05.2017 12:41

Samsung’ning qo‘shaloq kamerali ilk smartfoni videoda aks etdi

Hali taqdim etilmagan modellarning qisqa tavsiflari, surat va videolarini e’lon qilishi bilan tanilgan insayder @OnLeaks endi Samsung’ning ikkita kameraga ega birinchi smartfoni – Galaxy C10 renderini tarqatdi.

Samsung uchun birinchisi

Galaxy C tizimidagi smartfonlar o‘rta narx segmentiga mansub. Qizig‘i shundaki, negadir Samsung o‘zining flagmanlarida qo‘shaloq kamera qo‘llamaydi.

Hozirgacha qo‘sh kamerali quyidagi flagmanlar ma’lum:

  1. iPhone 7 Plus – oddiy ko‘rish burchagiga ega modul + ikki karrali zum hamda portretlar uchun teleob’yektiv;
  2. Huawei P10 – rangli modul + dinamik diapazonni kengaytirish uchun oq-qora modul;
  3. LG G6 – oddiy ko‘rish burchagiga ega modul + keng burchakli ob’yektiv.

Samsung o‘zining Galaxy C10 modelida mana shu uchta yo‘ldan birortasini tanlaydimi yoki umuman o‘zgacha yo‘l tutadimi – bunisi hali noma’lum.

Lekin shunisi ham borki, Samsung’ning flagman smartfoni Galaxy S8 bosh kamerasi «qo‘sh ko‘zli» LG G6 va iPhone 7 Plus’ga qarshi «jang»da faqatgina portret suratga olishda, tashqarida olingan suratlarning sifati bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsata olgan, xolos. Ehtimol, Galaxy C10 uning uchun «revansh»da g‘olib kelar – buni hali ko‘ramiz.

Har tomonlama ko‘ring

Mana, quyidagi videolavhada Galaxy C10 smartfonini har tomonidan tomosha qilish mumkin:

Videorolikda displey ostida barmoq izi skaneri, qo‘sh kamera moduli, USB Type-C va quloqchin uchun 3,5 mm.lik tirqish ko‘rinadi. Chap yonida, xuddi Galaxy S8 modelidagi kabi, Bixby yordamchisini chaqiruvchi tugmacha joylashgan. Galaxy C10 metall korpusga va diagonali 5,5 dyuymli displeyga ega bo‘lib, o‘lchamlari 152,5x74,8x7,68 mm.

Mazkur devaysning xususiyatlari bilan mana bu maqolamizda batafsil tanishib chiqishingiz mumkin. Uning taqdimoti joriy yilning uchinchi choragida bo‘lishi kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.