Startaplarni vazirlik moliyalashtirmoqda

  •   DiMaX
  •  370
  •  02.04.2019 17:22

Startaplarni vazirlik moliyalashtirmoqda

Joriy yilning 1 aprel kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi startap loyihalarni moliyalashtirish uchun sertifikatlar taqdim etdi. Bu to‘g‘rida vazirlik saytida ma’lumot e’lon qilingan.

O‘QING: «Ilm-fan va texnologiyalarda xotin-qizlar» Markaziy Osiyo haftaligi: startaplarni AQShlik investorlar tanlaydi!

Vazirlik tomonidan o‘tgan yilning sentyabr oyida o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va “Startup” loyihalari tanlovi e’lon qilingan bo‘lib, tanlovga 500 tadan ziyod loyihalar kelib tushgan. Tanlovda qatnashgan loyihalar dolzarbligi, tijoratlashtirish imkoniyati, natijadorligi nuqtai nazaridan o‘rganildi. Qabul qilib olingan loyihalarni ilmiy-texnik kengash ekspertizadan o‘tkazib, bugunga kunga qadar ulardan 12 tasi tanlab olindi.

– Bugun ham quvonchli, ham mas’uliyatli kun, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov g‘oliblarga murojaat qilarkan. – Sizga ishonib topshirilayotgan mablag‘lar xalqimizga foyda keltiradigan, iqtisodimizning o‘sishiga xizmat qiladigan mahsulotlarni ishlab chiqarilishiga umid qilamiz.

Tanlov mavzu bo‘yicha chegaralanmagan bo‘lib, unda turli soha vakillari ishtirok etdilar. Moliyalashtirilishga loyiq deb topilgan loyihalar turli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan – ekinlarni kasalliklardan himoyalovchi organik o‘g‘itlar, yeryong‘oqdan diabetik holva va pastalar, gossipol smolasidan bitum, topinamburdan shifobaxsh preparat, maktabgacha va boshlang‘ich sinf yoshidagi bolalar uchun elektron konstruktor, yuqumli kasalliklarning oldini oluvchi innovatsion preparatlar shular jumlasidandir.

Tanlovda qatnashgan ishtirokchilarning soni ko‘p bo‘lgani bois, ularning aksariyatining ishlanmalari loyihalashtirilmagani bois, albatta, noroziliklar ham vujudga keldi. Ammo shu o‘rinda ularning aksariyati startap loyihalar talablariga javob bermagani, loyihalarni amalga oshirish natijasida innovatsion mahsulot ishlab chiqarilmasligi, yoki moliyalashtirish uchun so‘ralgan mablag‘larning maqsadisiz deb topilganini qayd etish joiz.

Tanlov g‘oliblarining aksariyati grant mablag‘lari bilan bir qatorda loyihada o‘z mablag‘lari bilan ishtirok etmoqdalar. O‘z mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda tadbirkorlar safidan investorlarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lganlarki, bu ham bo‘lsa ularning loyihalarining natijador bo‘lishiga ishonchni orttiradi.

– Davlatning pulini olib, ishlatish oson, – deydi shu o‘rinda startaplar ilmiy-texnik kengashining raisi, tadbirkor Hasan Mamasaidov. – Loyihaning naqadar omadli bo‘lishi, tadbirkorning o‘z mablag‘ini sarflashga tayyorligi bilan ham baholanadi. Innovatsion mahsulot ishlab chiqarish uchun uyining atrofini pishiq g‘isht bilan o‘rab olish yoki qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish uchun qimmat traktor xarid qilish uchun mablag‘ so‘rash o‘rinsizdir. Startap loyihalarda ham xuddi har qanday biznesdek, imkon qadar kam pul sarflanib, ko‘p daromad ko‘rish imkoniyatlari izlanishi kerak.

O‘z biznes modellarini keyinchalik xorijga eksport qilish, ta’bir joiz bo‘lsa, butun dunyoga yoyish imkoniyatini qo‘lga kiritgan tanlov g‘oliblari yurtimiz innovatsion ekotizimini yaratishlari uchun kengroq sharoitlar yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi ularni Ilg‘or texnologiyalar markazidagi Ilmiy startaplar akseleratorining rezidentlari bo‘lishga taklif etdi. Akseleratorda ular mazkur sohada xalqaro tajribaga ega mentorlarning xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘lib, mentorlarning maslahatlari bilan startap loyihalarining muvaffaqiyatli kechishiga zamin yaratiladi, yangi mahsulotlarni bozorga olib chiqishlarida raqobatbardoshlikni oshirish yo‘llari izlanadi.

Yaqin kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan startap loyihalarning yangi tanlovi e’lon qilinadi. Navbatdagi tanlovga startap loyihalariga qo‘yiladigan talablarga mos loyihalarning topshirilishida tanlovning ilk g‘oliblari orttirgan tajribalari katta ahamiyatga ega. Bunda ilk g‘oliblar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan bir qatorda Innovatsion rivojlanish vazirligi yangi tanlovda barcha innovatorlar, tadbirkorlar, ilmiy salohiyati bor, texnik ko‘nikmalarga ega ijodiy fikrlaydigan barcha yurtdoshlarimizni tanlovda faol ishtirok etishga chorlaydi.

O‘QING: Bank talks va «Startap-tashabbuslar»: Toshkent shahrida «BankExpo-2019» ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!