Telegram bloklansa ham iOS yoki Android-smartfondan unga kirish yo‘li bor!

  •   DiMaX
  •  5873
  •  24.03.2018 17:32

Telegram bloklansa ham iOS yoki Android-smartfondan unga kirish yo‘li bor!

Ayni damda O‘zbekistonda ham ko‘plab foydalanuvchilarga ega bo‘lgan eng ommabop, shu bilan birga shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlovchi messenjer – Telegram bo‘ladi. Ammo Rossiya Federatsiyasi tez kunlar ichida uni bloklash arafasida turibdi.

O‘QING: Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

Saytimiz muxlislari orasida Rossiyadan kiruvchilar ham mavjudligini inobatga olib, chindan ham Telegram bloklansa uni ochish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tmoqchimiz. Quyidagi yo‘riqnomada Android hamda iOS tizimli smartfonlarda blokirovkani «aylanib o‘tib» Telegram’ga kirishning ikkita usuli bayon etilgan.

1. SOCKS5 protokoli orqali kirish

2017 yilning yozida Telegram ilovasiga SOCKS5 protokolini qo‘llab-quvvatlash funksiyasi qo‘shilgan edi. Bu funksiyani faollashtirsangiz, internet-trafik «aylanma yo‘llar» orqali ketadi; aloqa operatori yoki internet-provayder uni filtrlay olmaydi. Shuningdek, Telegram’da ulanish sozlamalarini ulashish imkoniyati ham taqdim etilgan.

Xullas, blokirovkani SOCKS5 protokoli orqali aylanib o‘tib Telegram’dan foydalanish uchun, ilovaning sozlamalariga – «Nastroyki»ga kirasiz. Telegram’ning iOS-ilovasida o‘sha yerdagi «Dannie i disk» bo‘limini ochib, «Tip soyedineniya» qismidagi «Proksi» varaqasiga o‘tasiz. Agarda smartfoningiz Android tizimli bo‘lsa, u holda ilova sozlamalariga kirgach, «Trafik i xraniliщye» bo‘limini ochasiz va eng pastidagi «Nastroyki proksi» varaqasiga kirasiz.

Endi proksi sozlamalarida SOCKS5 bandini tanlab, ishlayotgan biror serverning IP-manzili hamda portini ko‘rsatasiz. Ishlab turgan proksi-serverlar ro‘yxatini internetdan topasiz, masalan, mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

Oxirida sozlamalardagi o‘zgarishlarni saqlab, har ehtimolga qarshi Telegram’ni bitta o‘chirib-yoqasiz va foydalanaverasiz. SOCKS5 ma’lumotlarni shifrlangan shaklda uzatadi, shu bois yozishmalaringiz maxfiy qolishidan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.

2. Bepul VPN-servis orqali kirish

Bloklangan ilovani internetdagi maxfiy tunnel – VPN orqali ham ochish mumkin. Buning uchun bir qator VPN-servislar mavjud, masalan – Opera VPN. Android-smartfonlarga uni mana bu, iOS-qurilmalarga esa mana bu havola orqali yuklab olish mumkin.

Xullas, Opera VPN ilovasini o‘rnatib olgach, uni ochasiz va ulanish sozlamalarida istalgan bir mamlakatni tanlaysiz. So‘ng Telegram’ni ochasiz – bloklangan bo‘lishiga qaramasdan u ishlayveradi.

O‘QING: VPN nima o‘zi?

Faqat bir jihatni esda tuting – qurilmaning barcha internet-trafigi endi VPN-server orqali o‘tadi. Shu bois ma’lumot sekinroq yuklanishi, natijada Telegram birmuncha og‘irroq ishlashi va umuman internet tezligi pasayishi mumkin.

Bloklangan taqdirda Telegram’ni kompyuterdan ochish qo‘llanmasini quyidagi maqolamizda taqdim etganmiz. Bu yo‘riqnomalarni o‘rganib olishlari uchun ushbu maqolalarimizni do‘stlaringizga ham ulashing!

O‘QING: Telegram bloklansa ham unga kompyuterdan kirsa bo‘ladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!