Telegram’dagi uzilish: texnik nosozlikmi yoki Durov hiylasi?

  •   DiMaX
  •  1638
  •  30.03.2018 08:58

Telegram’dagi uzilish: texnik nosozlikmi yoki Durov hiylasi?

29 mart kuni ko‘pchiligimiz kutilmagan noxush holatga duch keldik – aksariyat uchun asosiy muloqot vositalaridan biriga aylanib qolgan Telegram ishlamay qoldi. Kompaniya rahbari buning sababini texnik nosozlik, deya izohladi, lekin ayrim kuzatuvchilar boshqacha qarashni ham ilgari surishmoqda.

O‘QING: Telegram messenjeri ko‘p davlatlarda ishlamay qoldi

Telegram muammosi shu soatlarda Facebook va Twitter’da eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylandi, jumladan, o‘zbek internet-jamiyatida ham. Telegram’ning Twitter’dagi rasmiy akkauntida xabar qilinishicha, bu uzilishlar Yevropa, Yaqin Sharq va MDH mamlakatlarini qamrab olgan. Bunga messenjerning ushbu hududlardagi faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan data-markazlarida yuzaga kelgan elektr uzilishi sabab bo‘lgan.

Keyinroq Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida yozishicha, messenjerning ishlamay qolishiga sabab – data-markazda o‘tkazilgan rejadagi texnik ishlar kutilmaganda Telegram’ning to‘xtab qolishiga olib kelgan. Ammo taqsimlangan infratuzilma sharofati bilan messenjer ayrim mamlakatlarda ishlashda davom etavergan. Shuningdek, Durovning xabar qilishicha, Telegram jamoasi data-markaz ishchilari bilan bevosita muloqot o‘rnatgan va, kelajakda yana shu kabi muammolar bo‘lmasligi uchun, serverlarning ishiga mas’ul bo‘lgan jihozlarni yangilashni rejalashtirmoqda.

Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi (ayniqsa, Rossiya va MDH hududidagilar) bu muammoda Rossiya Federatsiyasi Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi nazorati bo‘yicha federal xizmati – Roskomnadzorning ham qo‘li borligini gumon qilishgan. Biroq Roskomnadzor mazkur messenjerning faoliyatidagi uzilishda o‘zining aybi yo‘qligini tezda e’lon qilgan.

O‘QING: Telegram faoliyati tiklandi. Uning ishlamay qolishida Roskomnadzorning aybi bormi?

Roskomnadzor bu bilan to‘xtab qolgani yo‘q – o‘zining Twitter’dagi rasmiy akkauntida «ayrim xorijiy kompaniyalar»ga o‘z data-markazlarini Rossiyaga ko‘chirishlarini tavsiya etgan.

Shu o‘rinda ayrim kuzatuvchilar bitta masalaga e’tibor qaratishyapti: Durov – iste’dodli tadbirkor bo‘lib, har qanday salbiy axborotdan ham o‘z kompaniyasi manfaati yo‘lida foydalana oladi. 29 mart kuni Telegram eng trend mavzuga aylanishi – messenjerning foydasi, albatta, lekin masalaning yana bir jihati ham bor.

Gap shundaki, agarda Telegram bloklansa, usiz qanchalik qiyin bo‘lishini foydalanuvchilar o‘z boshlaridan kechirib, his etib ko‘rdilar. Endi ayrim tahlilchilar quyidagi fikrni ilgari surishmoqda: qaysidir mamlakat ushbu messenjerni bloklashga harakat qilsa, Durov shunday mohirona PR-kampaniyaga qo‘l urishi mumkin. Ya’ni, kompaniya o‘sha mamlakatda Telegram faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi va buni texnik nosozlikka to‘nkaydi. Bahonada o‘sha mamlakatdagi foydalanuvchilar bu messenjersiz qanday qiynalishlarini anglab yetishadi va uning bloklanishiga ommaviy tarzda qarshi chiqishadi. Qalay, zo‘r rejami?

Garchi bu shunchaki isbotlanmagan taxmin bo‘lsa ham, biznesda har narsa bo‘lishi mumkinligini eslatib qo‘ymoqchimiz.

O‘QING: Telegram bloklansa ham unga kompyuterdan kirsa bo‘ladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!