Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

  •   DiMaX
  •  3721
  •  22.03.2018 13:59

Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

Keyingi kunlarda Telegram messenjeri jamoasi qiyin davrlarni boshidan kechirmoqda. Rossiya Federatsiyasining Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi nazorati bo‘yicha federal xizmati – Roskomnadzor mamlakatda ushbu messenjerning faoliyatini to‘xtatish uchun jiddiy kirishgan. Shu voqealarning ayni damdagi holatini qisqacha bayon etishni ma’qul ko‘rdik.

O‘QING: Pavel Durov Telegram​ foydalanuvchilarining erkinligi va anonimligini himoya qilishga va’da berdi

Gap shundaki, Roskomnadzor mamlakatda xavfsizlikni nazorat qilish maqsadida Telegram Messenger Limited kompaniyasidan messenjerning shifrlash kalitlarini Rossiya Federatsiyasi federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga berishini so‘ramoqda. Bu foydalanuvchilarning yozishmalarini ko‘rish imkonini beradi, Telegram esa aynan o‘z yuzerlarining ma’lumotlari maxfiyligini yuqori darajada ta’minlashi bois nom qozongan.

Tabiiyki, Pavel Durov rahbarligidagi jamoa messenjerning shifrlash kalitlarini FSBga taqdim etishga rozi bo‘lmagan. Natijada 20 mart kuni Roskomnadzor bu kompaniyaga bildirishnoma yo‘llagan. Unda 15 kun ichida Telegram tegishli talablarni bajarmasa, Rossiya Federatsiyasi hududida uning faoliyati bloklanishi ma’lum qilingan.

Telegram bunga qarshi Rossiya Oliy sudiga ariza bergan. Sudda kompaniya tomonidan ishlarni «Agora» huquqni muhofaza qilish tashkiloti olib bormoqda. Biroq Oliy sud ham FSB buyrug‘ini qonuniy, deb qaror chiqargan.

«Agora» tashkiloti Telegram ishi bo‘yicha hujjatlarni o‘z saytida e’lon qilgan.

Endi «Agora» tashkiloti Telegram ishi bo‘yicha Rossiyadagi sud qarorlari yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat jo‘natgan. Ayni damda mazkur shikoyatning ko‘rilishi bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.

Voqealar rivojini birga kuzatamiz, bizdan uzoqlashmang. Shuningdek, «Terabayt.Uz» saytining Rossiya hududida bo‘lgan muxlislari uchun quyidagi maqolani tavsiya etamiz:

O‘QING: Telegram Roskomnadzor taqiqlasa ham, ilovadan qanday foydalanish mumkinligini aytdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!