Telegram o‘z kriptovalyutasini qachon chiqaradi?

  •   DiMaX
  •  1337
  •  10.01.2018 13:50

Telegram o‘z kriptovalyutasini qachon chiqaradi?

Shifrlangan holdagi xabarlar va mediafayllarni almashish imkonini beruvchi messenjerni taqdim etgan Telegram kompaniyasi o‘zining blokcheyn-platformasini ishga tushirib, kriptovalyutasini chiqarmoqchi. TechCrunch resursining bir nechta manbalarga tayanib xabar berishicha, «Telegram Open Network» (TON) keng imkoniyatlarga ega «uchinchi avlod blokcheyni» bo‘ladi.

O‘QING: Pavel Durov: Kreml bilan jang, sargardon umr, Telegram va qiymati oshayotgan bitkoynlari

Xabarga ko‘ra, Telegram jamoasi joriy yilning bahorida ICO – tokenlarning birlamchi joylashtirilishini amalga oshiradi. Uning doirasida 3–5 milliard AQSh dollari jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Telegram kriptovalyutasi – Gram tokenlarining savdosi orqali kompaniya 500 million dollar atrofida investitsiya olishni ko‘zlamoqda. Ammo bu raqamlar mart oyiga belgilangan ICO arafasida o‘zgarishi ham mumkin. To‘lov uchun faqat haqiqiy pullar qabul qilinishini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

Manbalarga ko‘ra, tokenlarning 4 foizi (200 million Gram) kompaniya dasturchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun zaxiralab qo‘yildi. Taxminan 52 foiz qismini kompaniya o‘zida ushlab turadi, bu chayqovchilikning oldini olish hamda jarayonni osonroq nazorat qilish uchun kerak. Qolgan 44 foizi esa ochiq va yopiq savdo maydonchalariga chiqariladi.

O‘QING: Durov kriptovalyuta chiqarib, Telegram foydalanuvchilarini ham millionerga aylantirmoqchi (+video)

TechCrunch jurnalistlari tanishib chiqqan Telegram hujjatiga ko‘ra, TON loyihasini to‘rtta bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan: TON Service, TON DNS, TON Payments, TON Blockchain.

Joriy yilning birinchi choragida Telegram External Secure ID nomli tashqi xavfsiz identifikatsiya tizimi ishga tushiriladi. Telegram Wallet elektron hamyonining ishga tushirilishi esa 2018 yilning to‘rtinchi choragiga belgilangan. TON tizimiga asoslangan iqtisodiyotning keng joriy etilishi 2019 yilning ilk choragiga to‘g‘ri kelishi mumkin. TON’ning qolgan servislari esa 2019 yilning ikkinchi choragida ish boshlashi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi kabi xabarlarni Telegram kompaniyasi rasman tasdiqlagan emas. Shuningdek, eng ommalashgan kriptovalyuta – bitkoin narxi ham pastlaganini eslatib o‘tish o‘rinli.

O‘QING: Bitcoin.com asoschisi barcha bitkoinlarini sotdi. Ertak tugayaptimi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.