Windows 10’da kompyuterni avtomatik tozalanib turadigan qilamiz!

  •   DiMaX
  •  1449
  •  02.06.2018 17:07

Windows 10’da kompyuterni avtomatik tozalanib turadigan qilamiz!

Kompyuterda ko‘pincha ortiqcha fayllar, tizimning turli qismlari yoki dasturlar paydo qilgan «chiqindi» to‘planib qoladi. Qattiq disklarni ulardan tozalab olish uchun maxsus dasturlar bor, ammo ularsiz ham ortiqcha «yuk»dan xalos bo‘lishning osongina yo‘li mavjud.

O‘QING: Kompyuterda joy «o‘g‘irlab» yotgan fayllarni aniqlovchi 3 dastur

Xususan, agar kompyuteringiz eng yangi – Windows 10 operatsion tizimida ishlaydigan bo‘lsa, u holda «Xotira nazorati» – «Kontrol pamyati» funksiyasi orqali uni o‘z-o‘zidan tozalanib turadigan qilish imkoni bor. U disklarning chiqindi fayllardan avtomatik tarzda tozalanib turishini tashkillashtiradi.

«Xotira nazorati» funksiyasini faollashtirish uchun Windows qidiruvidan foydalaning: u yerga «Pamyat» so‘zini yozib izlang. Natijalar ro‘yxatida birinchi bo‘lib turgan bandni ochsangiz, u yerda kerakli sozlamaga ko‘zingiz tushadi. Odatda u o‘chiq holda turadi – qo‘rqmasdan shuni yoqib qo‘ying.

Shundan so‘ng Windows ma’lum bir vaqtlar oralig‘ida barcha keraksiz, vaqtinchalik fayllarni o‘chirib, «Korzina»ni tozalab va «Yuklanganlar» – «Zagruzki» jildidagi eskilarini yo‘q qilib turadi.

O‘QING: Kompyuterdagi o‘chirilmayotgan faylni «majburan» o‘chiramiz

Haqli savol tug‘iladi: modomiki avtomatik tarzda o‘chirishga sozlangan ekan, bu funksiya sizga kerakli fayllarni ham yo‘qotib yubormaydimi? Javobi esa oddiy: mazkur funksiyadagi «Joy bo‘shatish usulini o‘zgartirish» – «Izmenit sposob osvobojdeniya mesta» bandini ochasiz. Shu yerdan o‘zingiz istisno holatlarni belgilab qo‘yasiz va so‘ng tozalash funksiyasi shu toifalarga tegmaydi.

Agarda kompyuteringizda operatsion tizimning oldingi versiyasi qoldiqlari ham bo‘lsa, «Xotira nazorati» sizni ulardan ham xalos etadi. Bunda tizim o‘rnatilgan diskdagi juda ulkan hajmli windows.old jildi ham o‘chiriladi.

«Xotira nazorati» funksiyasini sozlab bo‘lgach, «Hoziroq tozalash» – «Ochistit seychas» tugmachasini bosasiz va keyin natijani ko‘rib hayratda qolasiz – kompyuteringizda bir necha gigabaytlab joy ochiladi! Bu tugmacha shundan keyin sizga kerak bo‘lmaydi – tozalash endi avtomatik tarzda, tegishli vaqtlar oralig‘ida amalga oshiriladi.

O‘QING: Windows’ni tezlashtiruvchi va funksiyalarini yaxshilovchi bepul dasturlar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.