Xiaomi allaqachon Mi 7’ni tayyorlamoqda! (+suratlar)

  •   DiMaX
  •  2472
  •  04.09.2017 11:59

Xiaomi allaqachon Mi 7’ni tayyorlamoqda! (+suratlar)

«Xitoycha Apple» o‘zining amaldagi flagman smartfoni – Mi 6 modelini shu yilning aprelida taqdim etgan edi. Oradan hali olti oy ham o‘tmay turib, Xiaomi Mi 7 smartfonining xususiyatlari va taqdim etilish sanasi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Ma’lumot manbasi

Xitoylik insayderlardan biri Weibo tarmog‘ida mazkur flagman haqida post qo‘ygan, deb yozadi GizmoChina.

Boshqa internet-nashrlar, jumladan, rusiyzabon saytlarda ham bu haqda ma’lumotlar tarqalayotir. Ularning ayrimlari esa, hatto yangi smartfonning taxminiy suratlarini ham e’lon qilishgan:

Xususiyatlari qanaqa?

Xabarda aytilishicha, Mi 7 flagmaniga ilg‘or Snapdragon 845 chipseti o‘rnatiladi. Shuningdek, «sizib chiqqan» xabarlarga ko‘ra, Xiaomi’ning bu modeli Samsung ishlanmasi bo‘lgan, diagonaliga 6 dyuym uzunlikka ega OLED-displeyi bilan jihozlanadi.

Trendga ko‘ra, kompaniya ekranni maksimal darajada romsiz qiladi. Shu tariqa, smartfonda «Uyga» tugmachasi ham bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Biroq qurilmada barmoq izi skaneri qayerda joylashtirishi hozircha noaniq.

Shu bilan birga, Xiaomi Mi 7 modeli tezkor xotirasining hajmiga ko‘ra ikki xil – 6 GB va 8 Gblik talqinlarda ishlab chiqarilsa kerak. Uning asosiy kamerasi ham, hozirda urfga kirganidek, qo‘shaloq modulli bo‘lishi taxmin qilinayotir.

Xiaomi bu devaysining korpusni shisha va keramikadan yasashi ham aytilmoqda.

Xo‘sh, qachon unda?

Xiaomi Mi 7’ning taqdimot sanasi masalasiga kelsak, u keyingi yilning birinchi choragida keng ommaga namoyish etiladi. Esingizda bo‘lsa, kompaniyaning Mi 5 modeli 2015 yilning, Mi 6 esa 2017 yilning aprel oylarida savdoga chiqarilgan. Biroq Mi 7’ning sotuvga sal ertaroq – 2018 yilning yanvaridan to martigacha bo‘lgan muddatda chiqarilishi mumkin.

Keyingi yilning bir qator flagmanlari, masalan, Samsung Galaxy S9 va LG G7 modellari ham birmuncha erta taqdim etilishi rejalashtirilgan.

 «Xitoycha Apple»ning bo‘lajak flagmani narxi ham Xiaomi Mi 6 modeli narxlaridan uncha katta farq qilmasligi ehtimoli yuqori, deyiladi xabarlarda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!