Xiaomi «jonlanuvchi» rasmlar chop etadigan mo‘’jizakor cho‘ntak printerini chiqardi

  •   DiMaX
  •  2013
  •  02.02.2018 14:48

Xiaomi «jonlanuvchi» rasmlar chop etadigan mo‘’jizakor cho‘ntak printerini chiqardi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘z ishqibozlarini yangi original qurilmalar bilan hayratlantirib charchamayapti. Uning mahsulotlari orasida mobil aloqa qurilmalari, uy-ro‘zg‘or jihozlari, fitnes va salomatlik uskunalari singari turli-tuman gadjetlar mavjud.

O‘QING: AliExpress: Xiaomi'ning siz eshitmagan 8 mahsuloti

Kechagina bu kompaniya navbatdagi qurilmasi – XPRINT Pocket AR Photo Printer nomli cho‘ntak printerini taqdim etdi. Uning asosiy o‘ziga xosligi – to‘ldirilgan borliq texnologiyasiga ega fotosuratlar chop eta olishidir.

XPRINT Pocket AR Photo Printer – fotorasmlarni «yo‘l-yo‘lakay» chop etishga imkon beruvchi cho‘ntak printeridir. Buning uchun iOS 9 yoki Android 5 va ulardan keyingi talqinlarda ishlovchi smartfon yoxud planshetni Bluetooth yoki NFC orqali XPRINT qurilmasiga ulab qo‘yish yetarli.

Xiaomi anonsiga qaraganda, XPRINT yordamida chop etilgan suratlar kattaligi 54×86 millimetrgacha bo‘lishi mumkin; undan ortig‘iga printerning o‘lchamlari imkon bermaydi. Biroq uning asosiy «fishka»si, yuqorida ta’kidlaganimizdek, to‘ldirilgan borliq texnologiyasi asosida bu rasmlar haqiqiy «jonli» bo‘lib chiqadi.

Buning uchun, albatta, Apple’ning Live Photos rasmlaridagi kabi maxsus surat olish kerak bo‘ladi. Bunday rasmlarni esa foydalanuvchilar maxsus ilova yordamida yaratishlari mumkin. Ushbu turdagi fotosuratni XPRINT orqali chop etgach, unga ilova yordamida smartfon kamerasi orqali qaralsa, surat «jonlanadi».

O‘QING: Xiaomi ayollar uchun muhim «aqlli» gadjet taqdim etdi

Shunday imkoniyatlari bo‘lishiga qaramasdan, XPRINT ixchamgina gadjetdir. Printer o‘lchami atigi 133×80×27 millimetrni, vazni esa – jamlanmaga kiruvchi qog‘oz qutichasi bilan birga bor-yo‘g‘i 268 grammni (qog‘oz qutichasisiz esa 237 grammni) tashkil etadi. Ya’ni, XPRINT odatiy smartfon kattaligidagi ixchamgina printer bo‘lib, cho‘ntakka bemalol sig‘ib ketaveradi.

Xiaomi kompaniyasi XPRINT Pocket AR Photo Printer printerini Xitoyda 12 martdanoq sotuvga chiqarmoqchi. Uning narxi 399 yuanga teng, bu esa taxminan 64 dollarga yaqin keladi. Agarda mazkur mo‘’jizakor qurilma sizga yoqib qolsa, savdoga qo‘yilganidan keyin onlayn savdo platformalaridan izlab topishingiz va buyurtma berishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!