Xiaomi Mi Max 3: simsiz quvvatlash, Snapdragon 660, ko‘z yoyi skaneri va boshqa jihatlari

  •   DiMaX
  •  2934
  •  22.02.2018 16:06

Xiaomi Mi Max 3: simsiz quvvatlash, Snapdragon 660, ko‘z yoyi skaneri va boshqa jihatlari

«Xitoycha Apple» bu yil taqdim etadigan smartfonlar orasida, Mi 7 flagmani va Mi Mix 2S modellaridan tashqari, uchinchi avlod fableti – Mi Max 3 ham bor. XDA sayti jamoasi MIUI proshivkasi faylini o‘rganib chiqib, unda Xiaomi’ning ushbu qurilmasi haqidagi ma’lumotlarga duch keldilar.

O‘QING: Mi Max 3 yilning eng maftunkor smartfoni bo‘ladi

Mazkur modelda Xiaomi qurilmalari orasida ilk bor tatbiq etilayotgan yangilik – foydalanuvchining ko‘z yoyini skanerlash orqali smartfonni blokdan chiqarish texnologiyasidir. Shunga o‘xshash variant Microsoft smartfonlarida ham bo‘lgan va hozirda Samsung flagmanlarida faol qo‘llanib kelmoqda. Ammo Mi Max 3 uchun u himoyaning yagona usuli bo‘lmaydi – fabletda yana barmoq izi skaneri ham bor.

Uchinchi avlod fabletga tatbiq etilayotgan yangi texnologiyalardan yana biri esa simsiz quvvatlash imkonidir. Kuzatuvchilarning taxminlariga ko‘ra, Xiaomi mobil aloqa vositalari orasida simsiz quvvatlash texnologiyasi joriy etiladigan ilk gadjet – Mi 7 flagmani bo‘ladi. Keyinchalik esa bu texnologiya kompaniyaning boshqa yangi smartfonlariga ham ko‘chiriladi. Shulardan biri – Qi standartiga ega Mi Max 3 fabletidir.

O‘QING: Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

Proshivka faylida hatto simsiz quvvatlash jarayonini namoyish etuvchi surat ham mavjud. Lekin, taxminlarga ko‘ra, unda aynan Mi Max 3 emas, balki shunchaki smartfon obrazi ko‘rsatilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Xiaomi Mi Max 3 devaysiga diagonali 7 dyuymni, tomonlarining o‘zaro nisbati esa 18:9 ni tashkil etuvchi, Full HD+ formatli displey o‘rnatiladi. Bu model flagman bo‘lmagani uchun, o‘rta darajadagi Snapdragon 660 yoki 630 protsessori bilan jihozlanadi. Ammo akkumulyatori baquvvat – 5500 mAsoat sig‘imga ega. Shuningdek, ikkita SIM-karta bo‘lmachasidan tashqari, unda ikkita microSD xotira kartasi sloti ham bo‘lishini aytishmoqda.

O‘QING: Xiaomi Mi Max 3’ning ilk «jonli» suratini tomosha qiling!

Korpusning orqa panelidan doirasimon daktiloskopik datchik hamda Sony IMX363 modullariga ega qo‘shaloq kamera o‘rin oladi. Ayrim manbalarga ko‘ra, bular Samsung S5K217 + S5K5E8 modullari bo‘lishi ham mumkin. Old kamerasi esa Samsung S6K4H7 moduliga ega. Shuningdek, bu smartfon NFC-modul, infraqizil port hamda ikkita dinamik bilan ham ta’minlanadi.

Xiaomi Mi Max 3 fableti Android 8.1 Oreo bazasidagi MIUI 9 proshivkasi boshqaruvi ostida ishlaydi. Uning taqdimot vaqti va narxi hozircha aniq emas, lekin oldingi «ajdod»larining namoyish sanalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, uni may oyida ko‘rishimiz mumkin.

Ushbu kompaniyaning bozorga taqdim etilgan boshqa smartfonlari, shu jumladan, eng yangi Redmi 5 Plus modeli esa O‘zbekistonda ham sotilmoqda.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari kafolat shartlarini bilib oling va Redmi 5 Plus videotavsifini tomosha qiling!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!