Xiaomi’ning hali taqdim etilmagan geymer-smartfoni AnTuTu’da rekord o‘rnatdi!

  •   DiMaX
  •  1717
  •  22.02.2018 12:24

Xiaomi’ning hali taqdim etilmagan geymer-smartfoni AnTuTu’da rekord o‘rnatdi!

O‘yin aksessuarlarini ishlab chiqaruvchi Razer kompaniyasi o‘tgan yilning noyabrida ilk o‘yinbop smartfoni – Razer Phone’ni taqdim etgan edi. Tez orada ushbu baquvvat smartfonga munosib raqib maydonga tushadigan bo‘lyapti.

O‘QING: Razer Phone: geymerlar smartfonining barcha xususiyatlari taqdimotdan bir kun avval fosh bo‘ldi

Yaqindagina biz, Xiaomi kompaniyasi Black Shark («Qora akula») nomli bo‘linmasini ishga tushirganligi haqida yozgan edik. «Xitoycha Apple»ning ushbu yangi bo‘linmasi smartfon bozoridagi eng kuchli flagmanlarga qarshi smartfonlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Kecha esa AnTuTu benchmarkida Xiaomi’ning ilk geymer-smartfoni sinovdan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘ldi, deb yozadi Phone Arena nashri. Sayt bazasida u BlackShark nomi bilan sinab ko‘rilganligi haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Mazkur nom xitoylik korporatsiyaning bo‘linmasi nomi bilan bir xil bo‘lgani uchun ham, jurnalistlar uni Xiaomi bilan bog‘lashmoqda.

O‘QING: Xiaomi kuchli flagmanlar «kushandasi»ni tayyorlamoqda

E’tiborli tomoni – benchmarkdagi ma’lumotga ko‘ra, BlackShark sinovda 270680 ball to‘plagan! Bu esa Razer Phone ko‘rsatgan natijadan salkam yuz ming ochkoga yuqori, deganidir. Eslatib o‘tish kerakki, Snapdragon 845 protsessorli Galaxy S9 flagmani natijasi 265 ming ballni tashkil etadi.

BlackShark smartfoni ham Adreno 630 grafik tezlatgichiga ega Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi 8 gigabayt, doimiy xotirasi esa 32 gigabayt hajmlidir.

Boshidanoq Android 8.0 talqinidagi proshivka o‘rnatilgan holda chiqariladigan qurilmaning displeyi 2160x1080 piksellidir. Shunga ko‘ra, uning ekrani ham romsiz bo‘lishi ehtimoli yuqori.

O‘yinbop smartfonlar rekordchisi bo‘layotgan BlackShark modelining taqdimot vaqti, narxi, dizayni va boshqa xususiyatlari haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Bu boradagi xabarlardan doimo birinchilar qatorida bahramand bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!