Xiaomi’ning maxfiy taqdimotida Mi 8 xususiyatlari va narxlari fosh bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  2857
  •  22.05.2018 10:58

Xiaomi’ning maxfiy taqdimotida Mi 8 xususiyatlari va narxlari fosh bo‘ldi

Xitoylik korporatsiya joriy oyning so‘ngida matbuot anjumani o‘tkazishini allaqachon tasdiqlagan. Unda bir necha gadjetlar qatorida Xiaomi’ning sakkiz yilligiga atab tayyorlangan smartfoni – Mi 8 flagmani ham ko‘rsatiladi.

O‘QING: Xiaomi Mi 8 flagmanining eng ishonchli dizayni e’lon qilindi

Shu kunlarda ushbu kompaniya Xitoyda tor doirada yopiq taqdimot tadbirini o‘tkazgan, deb yozadi Gizmochina nashri. Unda olingan suratlardan biri internetga tarqatib yuborilgan. Mazkur rasmda ikki xil talqindagi Mi 8 modelining turli jihatlari hamda narxlari aks ettirilgan.

Xiaomi Mi 8 smartfoni ekrani diagonaliga 6,01 dyuymlik o‘lchamda bo‘lib, chindan ham unga daktiloskopik datchik joriy etilgan.

O‘QING: Ish holatidagi Xiaomi Mi 8 «jonli» videoda: barmoq izi skaneri ekranda ekan!

Shuningdek, mazkur flagmanning displeyi ustidagi «kemtik»da foydalanuvchi yuzini uch o‘lchamli skanerlovchi 3D-kamera tizimi ham joylashadi. Mi 8 modelining «elektron yuragi» – Android-smartfonlar uchun chiqarilgan protsessorlarning eng ilg‘ori sanalmish yakka kristalli Snapdragon 845 tizimi bo‘ladi. Smartfonning qo‘shaloq kamerasi esa ikki karrali optik zumga ega.

Xiaomi mazkur flagmanini xotira hajmiga ko‘ra ikki xil talqinda taqdim etmoqchi va ularning narxlari ham shunga yarasha bo‘ladi. Boshlang‘ich talqindagi – 6 gigabaytlik tezkor va 64 gigabaytlik doimiy xotiraga ega flagman taxminan 440 AQSh dollariga narxlanadi. Tezkor va ichki xotiralari tegishlicha 8 va 128 gigabaytlik talqinidagi Mi 8 uchun esa 500 dollar atrofida qiymat belgilangan.

«Xitoycha Apple» mazkur flagmani va boshqa bir nechta yangi gadjetlarini 31 may kuni bo‘lib o‘tadigan tadbirida rasman taqdim etmoqchi. Korporatsiyaning shu paytgacha bozorga chiqarilgan ko‘plab modellardagi smartfon va boshqa turli devayslari esa O‘zbekistonda ham rasmiy kafolat bilan sotilmoqda.

O‘QING: Toshkentda Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 12 may)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!