Xiaomi rahbari Mi6’ning narx-navosiga munosabat bildirdi

Xiaomi rahbari Mi6’ning narx-navosiga munosabat bildirdi

Korpusining barcha burchaklari va qirralari silliq hamda qayrilma dizaynda ishlangan, jahonning eng kuchli Snapdragon 835 protsessori va qo‘sh sensorli bosh kamerasi bilan ta’minlangan Xiaomi Mi6 mobil aloqa vositasi taqdimotidan so‘ng shaxsan kompaniya rahbari Ley Szyun ommaviy axborot vositalarining savollariga javob berdi. Jumladan, Xiaomi kompaniyasi asoschisidan birinchilardan bo‘lib eng so‘nggi texnologik imkoniyatlarga ega flagmanning nega avvalgi mi’larga nisbatan qimmat, ya’ni $300 dollardan ziyod narxda sotuvga chiqarilishining sababi so‘raldi.

Xiaomi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya avvalgi kabi, ilg‘or jihat hamda arzon narx-navosi bilan raqobatga dosh beradigan smartfonlar ishlab chiqarish siyosatini davom ettirmoqda. Ammo, eng yaxshi smartfonlardan birini yaratish uchun kuchli butlovchi qismlarning xarid qilinishi bu gal flagmanning narxiga bir oz ta’sir etgan.

Misol uchun, Xiaomi Mi6’da o‘rnatilgan eng qimmat detallardan biri bo‘lgan Snapdragon 835 protsessorining narxi an’anaviy foydalaniladigan Snapdragon 625 nomli “elektron yurak”dan 3 barobar qimmatroq. 6 gigabaytli tezkor xotira mikrosxemasining bahosi esa avvallari foydalanilgan 4 Gb sig‘imli operativ xotiradan 56%ga qimmatroqqa tushgan. Shuningdek, Ley Szyun flagmanga qo‘sh sensorli kamera qo‘yish xarajati an’anaviy 1 modulli kamera qo‘yishdan 41%ga ko‘proq ekanini aytdi.

Xiaomi yetakchisi bozordagi qizg‘in raqobat yangi ilg‘or yechimlarni izlab topish, yangicha texnologiya va ishlanmalardan foydalanishni taqozo qilayotganini ta’kidladi. Janob Ley Szyun smartfon bozorining kuchli o‘yinchilaridan biri bo‘lib qolish uchun Xiaomi kompaniyasi o‘zining raqobatga dosh beradigan shaxsiy texnologiyalariga mablag‘ tikish va yaxshi IT-mahsulotlarni taqdim qilib, qulay narxlar bilan xaridorlarni xursand qilishda davom etishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, smartfonning 6 GB tezkor hamda 64 GB doimiy xotira talqini $363 (2499 Yuan), 6 GB tezkor va 128 GBdoimiy talqini — $421 (2899 Yuan), hamda 6 GB / 128 GB xotirali maxsus «keramika» talqini $435 (2999 Yuan) AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.