“Xitoycha Apple” o‘z uyida Apple’ni “mag‘lub qildi”

“Xitoycha Apple” o‘z uyida Apple’ni “mag‘lub qildi”

Apple Inc. korporatsiyasining Xitoy smartfon bozoridagi ulushi bir yil ichida 18%ga qisqarib, Apple kompaniyasi ushbu bozorda egallab turgan 4-o‘rinni “Xitoycha Apple” nomi bilan tanilgan Xiaomi kompaniyasiga berib qo‘ydi.

Bu to‘g‘rida Canalys kompaniyasining tahliliy materialida ma’lum qilingan.

Ekspertlar Xiaomi muvaffaqiyatini bir qator imkoniyatlarga ega ko‘plab smartfon modellarini yaratayotgani bilan bog‘lashmoqda. Shuningdek, mahalliy smartfon ishlab chiqaruvchilarning yuqori imkoniyatlarga ega smartfonlar tayyorlayotgani tufayli iPhone 7 Xitoy bozorida ommalashmagan.

2016 yilning yakunlariga ko‘ra, Xiaomi Xitoy bozorida 51,4 million dona “aqlli telefon” sotgan. Apple esa 44 million iPhone yetkazib bergan. Vaholanki, bu natijalarga kompaniya 2013 yilda, Xitoy bozoriga kirib kelgan paytdayoq erishgan edi.

«Ehtimol, foydalanuvchilar “texnologik inqilob” deya targ‘ib qilinayotgan iPhone 8’ning taqdimotini ham kutib turgan bo‘lishlari mumkin. O‘shanda Apple yana bozordagi o‘rnini mustahkamlab oladi», — deyiladi Canalys xulosasida.

Xitoy bozorida eng ko‘p smartfon sotish bo‘yicha kuchli uchlikda Huawei, Oppo hamda Vivo kabi brendlar Xiaomi’dan oldinda turishibdi. Ular 76, 73 va 63 million dona mobil telefonlar sotishga muvaffaq bo‘lganlar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!