Yangi iPhone SE keyingi haftadayoq chiqishi mumkin!

  •   DiMaX
  •  3758
  •  22.03.2018 17:59

Yangi iPhone SE keyingi haftadayoq chiqishi mumkin!

Xabaringiz bor – Apple korporatsiyasi shu yilning 27 mart sanasiga taqdimot marosimi belgilagan. Kompaniya bu tadbirini ko‘proq o‘qituvchi va talabalarga mo‘ljallaganligi aytilayotir.

O‘QING: Apple yangi iPhone'ning taqdimot kunini e’lon qildi

Forbes nashrining o‘z manbalariga hamda tahlilchilar fikrlariga tayanib yozishicha, kupertinolik gigant ushbu marosimda ikkinchi avlod iPhone SE smartfonini namoyish etishi mumkin.

O‘QING: iPhone SE 2 «jonli» videoda ko‘rsatildi: feykmi yoki haqiqiy?

Yangi iPhone SE chiqishiga guvohlik beruvchi omillardan biri – keyingi paytlarda shu model haqida ko‘plab ma’lumotlar «sizib» chiqayotganligidir, deyishmoqda mutaxassislar. Bundan tashqari, mazkur ixcham ayfonning birinchi avlodi ham aynan mart oyida taqdim etilgan. Darvoqe, o‘shanda – sal oldin taqdim etilgan iPhone 6s hamda iPhone 6s Plus yaxshi sotilmagach, ayni shu iPhone SE qurilmasi Apple’ga yana savdo statistikasini rostlab olishga yordam bergandi.

Jurnalistlarning yozishlaricha, ixcham ayfonning ikkinchi avlodi iPhone X SE deb nomlanadi. Shu paytgacha turli xabarlarda uni iPhone SE 2, iPhone SE 2 (2018) kabi nomlar bilan ham atab kelishayotir. Ammo devaysning ko‘rinishi hozircha sir tutilmoqda, internetda uning faqat render suratlari, dizaynerlik konseptlarigina tarqalgan.

O‘QING: 27 martdayoq taqdim etiladigan iPhone SE 2’ni sifatli suratlarda ko‘ramiz!

Taxminlarga ko‘ra, ushbu modelda Face ID qiyofa skaneri hamda simsiz quvvatlash texnologiyalari joriy etiladi. Shuningdek, yubiley ayfoni boshlab bergan va boshqa smartfonsozlar ergashgan «kemtik»li ekran dizayni bu gadjetga ham tatbiq etilishi kutilmoqda.

Nima bo‘lganda ham, taqdimot marosimiga sanoqli kunlar qoldi va tez orada hammasi oydinlashadi. To‘g‘ri, ta’limga bag‘ishlangan tadbirda yangi iPhone taqdim etilishiga ishonish birmuncha qiyinroq. Lekin Apple’dan har narsa kutsa bo‘ladi...

O‘QING: Apple kutilmaganda iPhone 8 Plus ishlab chiqarilishini to‘xtatdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!