3D-printer: endi ko‘zi ojiz onalar bo‘lajak farzandlarini “ko‘rishlari” mumkin

3D-printer: endi ko‘zi ojiz onalar bo‘lajak farzandlarini “ko‘rishlari” mumkin

Bugungi kunda ancha ommalashgan 3D-chop etish texnologiyasi turli sohalarda faol qo‘llanilmoqda. Polshaning In Utero 3D kompaniyasi ushbu texnologiyadan foydalanishning yana bir antiqa usulini o‘ylab topdi. Kompaniya xodimlari tez orada ota-ona bo‘lish arafasida turgan ko‘zi ojiz odamlarga o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda. 3D-printer yordamida chop etilgan hali tug‘ilmagan chaqaloqning yirik modellari ularga o‘z jigarbandlarining yuz, qo‘l va oyoqlariga tegish orqali ularni his etish imkoniyatini beradi.

“Men qo‘p farzandli onaman. Shuning uchun homiladorlik paytidagi tuyg‘ularni o‘z tanamda his qilganman. Ayniqsa, bo‘lajak farzandimning yuz qirralarini ko‘rishga imkon yaratgan ultratovush seanslari xotiramga yaxshi muhrlangan. O‘shanda men mana shu singari shirin hissiyotlarni ko‘zi ojiz onalar bilan bo‘lishishni istagandim” – deydi In Utero 3D kompaniyasi rahbari Aleksandra Vitkovska.

Kompaniya 3D modellarni ko‘zi ojizlarga atigi 1 yevroga sotadi. Bu, albatta, juda arzon. Polshadan boshqa davlatlarda istiqomat qiluvchilarga kompaniya 1 yevro yoki 1 dollar evaziga ultratovush tekshiruvi natijalariga asosan 3D-printerga mo‘ljallangan yangi fayl yaratishadi va uni elektron pochta orqali mijozga yuborishadi. Shu tariqa istagan kishi 3D-printer yordamida faylni chop etib olishi mumkin bo‘ladi. Chop etishga taxminan 4 soatdan 7 soatgacha vaqt ketishi mumkin. Albatta, yasalgan modellar har doim ham yuksak darajada bo‘lmasligi mumkin. Ammo u ko‘zi ojiz onalarga tug‘ilajak farzandlarini ilk marotaba his etish orqali cheksiz quvonch bag‘ishlashi aniq.