Android’da audiokitoblar uchun eng zo‘r 3 ta pleyer

  •   DiMaX
  •  3383
  •  04.05.2017 13:16

Android’da audiokitoblar uchun eng zo‘r 3 ta pleyer

Agarda kitob o‘qishga vaqtingiz yetishmasa, ularni tinglash imkoni ham bor. To‘g‘ri, bosma kitobning o‘zini emas, balki audiokitoblarnigina tinglash mumkin. Quyida tavsiya etilayotgan ilovalar esa sizga transportda yurgan, sayr qilayotgan yoki boshqa yumushlar bilan band bo‘lgan paytingizda mobil qurilmangiz orqali audiokitoblardan imkon qadar qulay bahra olishingiz uchun yaratilgan.

Nega maxsus pleyer?

To‘g‘ri, planshet yoki smartfonda audiokitob tinglash uchun oddiy musiqiy pleyer ham bo‘laveradi. Ammo aynan shu – audiomutolaa uchun maxsus chiqarilgan ijrochi-ilovalar o‘zgacha. Nima afzalligi bor ekan, deysizmi?

Birinchidan, bunday dastur mutolaa jarayonini eslab qoladi: audiofaylni qayta ijro etishda u boshidan boshlamaydi, balki oxirgi tinglangan soniyalardan davom ettiradi.

Ikkinchidan, siz kitobning ayrim joylariga keyin ham qaytib tinglash uchun, o‘sha joylariga xatcho‘p qo‘yib ketishingiz mumkin.

Bundan tashqari, audiokitoblar uchun chiqarilgan pleyerlarda maxsus rejimlar mavjud bo‘lib, ular yordamida hikoya syujetini yo‘qotib qo‘ymasdan, ovoz oqimini osongina nazorat etishingiz imkoni mavjud.

Xullas, shu va boshqa imkoniyatlar quyidagi uchta ilovada jamlangan.

1. Smart Audiobook Player

Mazkur pleyerda audiokitoblarni qulaylik bilan tinglash uchun hamma narsa bor: xatcho‘plar va ijro pozitsiyasini (kelgan joyni) turli qurilmalaringizda sinxronlashdan tortib interfeysni almashtirish imkonigacha.

Tugmachalarni shunday sozlashingiz mumkinki, ularni bosishda audiokitob ijrosi bir necha soniya oldinga yoki orqaga o‘tadi. Agar audioasarning biror joyini yaxshi tushuna olmay qolsangiz yoki biror parchani tinglamasdan o‘tkazib yuborishni istasangiz, shu funksiyalari juda qo‘l keladi. Audiooqimni boshqarish esa pleyer interfeysi yoki bildirishnomalar panelidagi vidjet orqali amalga oshiriladi.

Smart Audiobook Player ijro tezligini o‘zgartirishga ham imkon beradi. Ilovadagi ovoz kuchaytirgich o‘ta past tovushda yozilgan yozuvlarni tinglashni, ekvalayzer esa ovozni sozlashni osonlashtiradi.

Yaxshi jihatlaridan biri – bu pleyer qurilmangizdagi har xil o‘zgarishlarga avtomatik tarzda moslasha oladi. Masalan, quloqchin taqishingiz bilan ijroni boshlaydi. Yoki, gadjetingiz uzoqroq vaqt harakatsiz qolib ketsa, uxlab qolganingizni taxmin qilib, ijroni to‘xtatadi.

Uning original xossalaridan biri – personajlar uchun ajratilgan bo‘limdir. Bu yerga asar qahramonlarining nomi va qisqa tavsiflarini yozib borsangiz, uzun asarlardagi voqealar ishtirokchilarini chalkashtirib yubormaysiz.

Smart Audiobook Player’ni mana bu manzildan yuklab olib, bir oy mobaynida to‘liq bepul ishlatishingiz mumkin. Shu muddat tugagach esa undagi sinxronlashtirish, xatcho‘plar, ekvalayzer va boshqa ayrim imkoniyatlar ishlamay qoladi. Ulardan to‘laqonli foydalanish uchun ilovaning to‘liq versiyasini sotib olishingiz kerak bo‘ladi.

2. Listen Audiobook Player

Bu – yuqoridagi audiokitob pleyeriga muqobil yaxshi ilova. Qurilmalar aro xatcho‘plar va pozitsiyalarni sinxronlash, ekvalayzer, ovoz kuchaytirgich, uyqu taymeri va avtomatik harakatlar sozlamalari – bularning barchasi Listen Audiobook Player’da ham bor.

Shuningdek, bu dasturda bildirishnomalar paneli uchun vidjet ham mavjud. Ilovada ijro tezligini o‘zgartirish, oldinroqqa-orqaroqqa tez o‘tkazish tugmachalari uchun vaqt oralig‘ini tanlash imkoni berilgan.

Bulardan tashqari, Listen Audiobook Player interfeysining nozik sozlamalari sizga yoqishi aniq. Hatto turli harakatlar uchun kerakli buyruqlarni o‘zingiz belgilab, pleyerni boshqarishni o‘zgartirishingiz ham mumkin.

Afsuski, Listen Audiobook Player’ning sinab ko‘rish uchun bepul versiyasi yo‘q. Biroq ishlab chiquvchining va’dasiga ko‘ra, xarid qilganingizdan keyingi yetti kun mobaynida ilovadan norozilik bildiradigan bo‘lsangiz, u pulingizni qaytarib beradi. Uni Google Play do‘konidan ushbu havola orqali yuklab olib o‘rnatasiz.

3. Material Audiobook Player

Agarda audiomutolaa uchun sizga ko‘p sonli funksiyalar, turli nozik sozlamalar kerak bo‘lmasa, u holda Material Audiobook Player’ga e’tiboringizni qaratamiz. Interfeysi sodda va o‘ziga xos bo‘lgan mazkur ilova sizga faqat eng zaruriy imkoniyatlarnigina taklif etadi. Ular orasida xatcho‘plar, pleyerni boshqarish vidjeti, ijro tezligini tanlash, qismlar bo‘ylab oldinga-orqaga tez o‘tkazish hamda uyqu taymeri ham bor.

Ammo Material Audiobook Player’ning ichki ekvalayzeri, ovoz kuchaytirgichi va boshqa foydali funksiyalari yo‘q. Shuningdek, u turli qurilmalaringiz orasida sinxronlashni ham amalga oshira olmaydi.

Bu kamchiliklari evaziga, Material Audiobook Player’ni mana bu yerdan o‘rnatib olib, to‘liq bepul foydalanishingiz mumkin, yana reklamasiyam yo‘q!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!