Android-smartfonlarda yangi troyan tarqalmoqda
«Kasperskiy laboratoriyasi» Android
tizimli qurilmalarga tushuvchi yangi troyan – Xafekope virusini aniqladi. Bu to‘g‘rida
antivirus kompaniyasining saytida ma’lumot
berilgan.
«Obunasevar»
troyan
Xafekope virusi smartfonga tushib olgach, telefon egasini pulli
servislarga obuna qilib qo‘yadi va natijada uning mobil raqami hisobidan pullar
ketaveradi.
Ushbu troyan butun dunyo bo‘ylab tarqalmoqda, lekin asosiy zarba Rossiya va
Hindistondagi foydalanuvchilarga bo‘lgan. Mazkur mamlakatlardagi abonentlarga hujumlarning
tegishlicha 61 va 25 foizi to‘g‘ri keladi. Qizig‘i – kiberjinoyatchilar ular uchun mazkur
virusning alohida modifikatsiyalarini ishlab chiqishgan.
Xafekope pulli servislarga obuna bo‘lish uchun mustaqil tarzda havolalarni
ochadi yoki xabarlar yuboradi. Botlarni aniqlashga moslangan test – kapchani bu virus
qandaydir yo‘l bilan aylanib o‘ta oladi. Shu tariqa, u rossiyadagi to‘rtta uyali
aloqa operatori saytida pulli obunani tasdiqlaydi. Agarda abonent o‘z raqami
hisobini bank plastik kartasidan avtomatik to‘ldirib boriladigan qilib qo‘ygan
bo‘lsa-ku – kartasidagi barcha puli ketdi, deyavering...
Qayerdan
paydo bo‘lgan?
Xafekope virusi xuddi Android uchun ishlab chiqilgan ommabop yoki foydali
biror ilovaga o‘xshab niqoblanib oladi. Tarqalishining asosiy manbasi – reklama hisoblanadi.
Shu bois ham smartfon foydalanuvchilari ehtiyot bo‘lishlari va shubhali manbalardan
ilovalar olib o‘rnatmasliklari tavsiya etiladi.
Mutaxassislarning aniqlashlaricha, Xafekope virusi xitoycha tilli dasturchilar tomonidan yaratilgan. U ayrim jihatlariga ko‘ra Ztorg troyani bilan umumiyliklarga ham ega. Balki, kiberjinoyatchilarning bir guruhi ikkinchilaridan virus yaratishda qo‘llangan fayllarni o‘g‘irlab yoki sotib olgan bo‘lishlari ham mumkin.
Har ehtimolga qarshi, Android
uchun eng zo‘r 8 ta antivirus, shuningdek, mazkur tizimli qurilmalar uchun chiqarilgan bepul
antiviruslar bilan tanishib qo‘yishingizni tavsiya etamiz.