Cyelfining teriga salbiy ta’siri ma’lum qilindi

Cyelfining teriga salbiy ta’siri ma’lum qilindi

Selfi – so‘ngi 5 yillikning eng xavfli “virus”laridan biri. Yoshi, kasbi, irqi va jinsidan qat’iy nazar, bugun barchaga birdek “yuqib” ulgurgan kasallikning yangi turi. Ha, buni mutaxassislar kasallik sifatida baholay boshlashdi. O‘zining eng yaxshi, eng chiroyli tomonlarini ko‘z-ko‘z qilishga urinish, birinchi navbatda, ruhiy hastalik sanaladi. Zero, bu jarayonga mukkasidan ketib, kutilmagan, ekstremal va orginal selfi tushishga uringan va xatto halok bo‘lgan odamlar haqida ham tez-tez eshitib turibmiz. Shu bois, olimlar tobora keng tarqalayotgan “selfimaniya”ni o‘rganishga kirishdi.

Londondagi Linia Skin Clinic shifoxonasi shifokorlari o‘z tadqiqotlariga tayanib, ko‘p sonli selfi terining barvaqt qarishiga olib kelishi haqida ma’lum qildi. Bu hususida Daily Mail xabar bermoqda.

Selfichi Instagram-bloger

Dermatolog Saymon Zokega 26 yoshli Mexrin Beig ismli qiz terisining yomonlashayotganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, keyingi paytlarda uning yuzidagi g‘ovakchalar kengayib borayotgani, sepkillar, pigment dog‘lari paydo bo‘lgani, ko‘zlarining osti qorayib qolgani, tez-tez yallig‘lanish kuzatilayotganini aytdi.

Bemorni yaxshilab ko‘zdan kechirgan shifokor haqiqatdan ham uning terisida jiddiy muammolar yuzaga kelganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz mashhur Instagram-bloger va har kuni 50 ta selfi qiladi. Mutaxassis muammoning sababini aynan selfiga bog‘ladi.

Nega selfi teriga ta’sir qiladi?

Smartfon va planshetdan doimiy, uzoq vaqt mobaynida faol foydalanish oqibatida terining HEV-nurlanishi sodir bo‘ladi. Ya’ni to‘q ko‘k ekrandan chiqayotgan nurdan yuz terisini an’anaviy quyosh nurlaridan himoya qiluvchi kremlar to‘sa olmaydi. Chunki ularning vazifasi butkul boshqa turdagi nurlar—ultrabinafsha (UV) nurlaridan himoya qilish.

Shu bois, aksar ishlab chiqaruvchilar hozirda o‘z mahsulotlari(aynan televizor va monitorlarning zamonaviy modellari)ga ana shunday nurlarni kamaytirib beruvchi texnologiyalarni joriy qilmoqda.

Smartfon va planshetlarning salbiy ta’sirini Nyu-Meksiko universiteti mutaxassislari ham tasdiqlashdi. Ularning fikricha, ko‘p sonli selfi rasmlariga tushish, nafaqat kosmetik muammolar, balki boshqa jiddiy muammolarni ham keltirib chiqaradi.

Gap shundaki, HEV-nurlari yuzdagi tuzlarning ko‘payishiga sabab bo‘lib, qarish va regeneratsiya jarayonini tezlashtiradi. Bundan tashqari bunday nurlanish oqibatida ultrabinafsha nurlarining salbiy ta’siri ham yanada ortadi.

Selfini taqiqlash kerakmi?

Zokening tasdiqlashicha, bemorining terisiga 3 ta omil salbiy ta’sir ko‘rsatgan: HEV-nurlar, UV-nurlanish va ifloslangan havo. Ma’lumki, havoning ifloslanishi Londondagi jiddiy muammolar sirasiga kiradi. Yuz terisining yallig‘lanishi salbiy tashqi ta’sirlardan saqlanish qobiliyatining susayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Dermatologning aytishicha, terini HEVdan himoyalovchi innovatsion kosmetik preparatlar mavjud. Lekin muammo shundaki, ular hali to‘liq o‘rganilmagan. Shuning uchun bunday vositalarga kafolat berish mumkin emas.

Bundan tashqari, Zoke yuz va terining ochiq qismiga antioksidant zardoblardan foydalanish kerakligini tavsiya qildi. Bu teriga ijobiy ta’sir qiladi.

Shifokordan kerakli maslahatlarni olgan Mexrin Beig selfidan hozircha voz kecha olmasligini aytgan. Chunki bu uning ishi va daromad manbai. “Mendan bundan boshqa variant yo‘q”, degan Mexrin.

Shunday qilib, selfining nafaqat ruhiy, balki teriga salbiy ta’siri ham ma’lum bo‘ldi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.