Olimlar: smartfonlarda “tungi tartib”ning mavjud emasligi uyqu buzilishiga olib keladi

Olimlar: smartfonlarda “tungi tartib”ning mavjud emasligi uyqu buzilishiga olib keladi

Smartfon, planshet, bukrider (elektron kitoblar o‘qishga mo‘ljallangan qurilma) va boshqa gadjetlar ekranidan taralayotgan nurlar bolalarda uyqu buzilishiga olib kelishi mumkin. Bundan ehtiyot bo‘lish uchun ishlab chiqaruvchilar mobil qurilmalarni displey yorug‘ligini avtomat tarzda kamaytirib, taralayotgan nurlar miqdorini kamaytiradigan “tungi tartib” funksiyasi bilan ta’minlashlari lozim.

Britaniyadagi Evelina London bolalar shifoxonasi qoshida tashkil etilgan uyqu tibbiyoti bo‘limi boshlig‘i Pol Grigras rahbarligidagi somnolog- olimlar guruhi tomonidan tayyorlangan hisobotda keltirilishicha, bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar avvalgiga qaraganda kattaroq va yorqinroq ekranga ega qurilmalarni ishlab chiqarmoqda. Masalan, Kindle Paperwhite bukriderining yangi modeli ichki yoritish imkoniga ega bo‘lsa, Amazon qurilmasida bunday qulaylik ko‘zda tutilmagan.

Yorqin displeylar kunduzgi vaqtlarda tasvirlarning ko‘rinarligini oshirishga yordam beradi. Biroq tunda ularning yorug‘ligi uyquga tayyorgarlik ko‘rishda miyaga xalal beradi va kelgusida kuni tongda kishining o‘zini noxush his etishiga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, ekranlar organizmda uyquni keltirib chiqaradigan melotonin gormonining ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi va natijada insonning “ichki soati” faoliyatida buzilishlar paydo bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, odatdagi “qog‘oz” kitoblar mutolaasi uyqu sifatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Olimlar bolalar va kattalarga qurilmalarni yotoq joyidan imkon qadar uzoq tutish, ishlab chiqaruvchilarga esa avtomatik ravishda sariq-yashil yorug‘likni sariq-qizil rangga almashtirgan holda yoritish darajasi va davomiyligini pasaytirishni qo‘llaydigan texnologiyani joriy etishni tavsiya qilishdi.

Aytish joizki, ayni paytda bir qator smartfonlarda “tungi tartib” (“nochnoy rejim”) joriy etilgan. Masalan, ikkita old kamerasiga ega Lenovo Vibe S1 ana shunday funksiya mavjud. Bunday funksiya mavjud bo‘lmagan qurilmalar egalari esa Android operatsion tizimi uchun mo‘ljallangan f.lux yoki Sunset mobil ilovalaridan foydalanishlari mumkin.

i-qurilmalari egalarida esa bunday imkoniyat kamroq.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Philips kompaniyasi ko‘z uchun bezarar smartfonini taqdim etgan edi. Ushbu smartfon ko‘z uchun zararli hisoblangan moviy rangdagi qisqa to‘lqinli nurlarni 86 foizga kamaytirib beradigan maxsus texnologiya bilan ta’minlangan.