Retro: Nokia 3310 – “o‘lmas telefon”

Retro: Nokia 3310 – “o‘lmas telefon”

Nokia 1999 yilda GSM tarmog‘ida ishlaydigan,  SMS funksiyasiga ega va mashhur “Snake” o‘yini o‘rnatilgan Nokia 3210 modelini yaratadi. Ushbu model kompaniya keng miqyosli sotuvga chiqargan ilk telefonlardan biri bo‘lgan. Keyinchalik “o‘lmas telefon” nomini olgan afsonaviy Nokia 3310 aynan mana shu modelga “merosxo‘r” qilib tayyorlanadi.

Nokia 3310 telefoni 2000 yilning sentyabr oyida e’lon qilingan. 2005 yilda taqdim qilingan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu modeldan dunyo bo‘ylab jami 126 mln dona sotilgan.

Telefonning ergonomik dizayni, 84 X 48 piksel sig‘imli yashil tusdagi ekrani, SMS-xabar va unga o‘rnatilgan o‘yinlar modelning muvaffaqiyatini ta’minlagan, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Modelga 900 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda nofaol holatda u telefonning 260 soat ishlashini yetgan ekan. Haqiqatan ham, modelning “uzoq xizmat qilishi” haqida juda ko‘p fikrlar bildirilgan. Shuningdek, telefonning korpusi ham elementlarning qulay va himoyali joylashgani sababli uning turli zarbalarga bo‘lgan chidamliligini oshirgan. Uni yuqori balandlikdan pastga uloqtirishgan, qattiq va og‘ir buyumlar bilan savalab ham sinab ko‘rishgan. Aynan mana shu xususiyati uchun ham telefon borib-borib memga aylangan. Kimlardir uni g‘isht, bolg‘a, va hatto qurol bilan qiyoslagan J.

Shuningdek, undagi T9 funksiyasi, 35 ta yuklangan rington (yana foydalanuvchi tomonidan qo‘shimcha 7 ta o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan), soat, sekundomer, kalkulyator va valyuta konverteri o‘sha vaqt uchun juda qulay yangiliklar hisoblangan.

Hozirgi paytga kelib bunday telefonlar barchaga jo‘n tuyulishi tabiiy. Biroq, aynan mana shunday telefonlar bugungi nano-texnologiyali modellarga asos bo‘lganini hech kim rad etolmaydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!