Samsung'ning 2022 yildagi muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz gadjetlari

Samsung'ning 2022 yildagi muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz gadjetlari

GSMArena sayti Samsung kompaniyasining 2022 yilda taqdim etgan qurilmalarini muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz guruhlariga ajratib chiqdi. Bu yilgi ro‘yxatdagi 20 ta qurilmaning 9 tasi muvaffaqiyatli chiqqan.

Samsung ushbu yilda byudjet, o‘rta toifa hamda flagman smartfonlar, bundan tashqari, turli xil aksessuarlar hamda bir necha planshetlarni taqdim etdi. Xo‘sh, ular qanchalik muvaffaqiyatli bo‘la oldi? Muvaffaqiyatsiz chiqqan gadjetlar ham bo‘ldimi?

 Muvaffaqiyatli: Galaxy S22 Ultra 

Shubhasiz, ushbu smartfon 2022 yilning eng ommabop flagmanlaridan biri hisoblanadi. Undagi yuqori sifatli displeyni qolgan smartfonlarda uchratish qiyin, shuningdek, unda raqobatchilarida bo‘lmagan S-Pen stilusini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati mavjud. Barcha kameralar avtofokusga ega, ultrakeng kamerada esa makro imkoniyati mavjud. Qurilma ikkita telefoto kameraga ega ekanligi hamda 10x zum kamera hamma flagmanlarda ham uchramsligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. 

Dizayn jihatidan smartfon endi boshqa chiqmaydigan Galaxy Note modellarini eslatib yuboradi. Smartfon 2022 yilning eng yaxshi va eng ommabop Android smartfonlaridan biri bo‘ldi. 

Muvaffaqiyatli: Galaxy Z Fold4 va Z Flip4 

Galaxy Z Fold4 va Z Flip4 modellari tashqi ko‘rinishidan avvalgi modellarga o‘xshashi mumkin, biroq bir necha muhim o‘zgarishlar bilan ular odatiy kundalik smartfonlarga aylandi. O‘tgan yilgi Z Fold3'ga qaragan yangi Z Fold4 modeli yaxshiroq 50MP asosiy kamera hamda 3x telefoto kameraga ega bo‘ldi. Galaxy Z Flip4 modelida esa akkumulyator hajmi va quvvat tezligi oshdi. 

Shuningdek, oldindan buyurtma bergan mijozlarga qo‘shimcha bonuslar berilishi va shunga o‘xshash boshqa rag‘batlar bilan kompaniya ushbu smartfonlarning ommabopligini yanada oshira oldi. 

Muvaffaqiyatsiz: Galaxy Watch5 va Watch 5 Pro 

Yangi buklamafonlar bilan bir qatorda Samsung avgust oyida yangi smart-soatlarni ham taqdim etdi. Soatlar yangi rangda namoyon bo‘ladi, shuningdek, ularning uchala o‘lchamdagi turlari safir kristalli qoplamaga ega bo‘ldi. Biroq yangi smart-soatlar xuddi eski modellar kabi Exynos W920 chipi bilan jihozlandi. Bu ularning unumdorlik ko‘rsatkichlarida o‘zgarish bo‘lmaganligini anglatadi. 

Galaxy Watch5 Pro modelining akkumulyator quvvati 40% yaxshilandi. Biroq undan aylanuvchi ramka olib tashlandi. Bu Galaxy Watch smart-soatlarining eng taniqli xususiyatlardan biri edi. 

Muvaffaqiyatli: Galaxy A hamda Galaxy M seriyalari

Samsung'ning barcha o‘rta toifadagi smartfonlariga talab yuqori. O‘tgan yilgi modellardan farqli o‘laroq yangi Galaxy A va Galaxy M smartfonlari kichik bo‘lsa-da o‘sishga erisha oldi. Asosiysi, kompaniya o‘z falsafani saqlab qoldi - ajoyib narx evaziga yaxshi foydalanuvchi tajribasini taqdim etish.

Samsung o‘z smartfonlarini dunyoning ko‘plab hududlariga yetkazib berishi bilan o‘z raqobatchilaridan bir bosh ustun. Shu sababli Galaxy A va Galaxy M smartfonlari ko‘plab xalqaro bozorlarda boshqa kompaniyalarning o‘rta sinfdagi smartfonlaridan ustun bo‘lib ko‘rinadi. 

Muvaffaqiyatsiz: Galaxy S22 va S22+

Ultra model bilan bir qatorda ushbu ikki smartfon ham o‘zlarining oldingi avlodiga qaraganda yaxshi o‘sishga erishdi. Misol uchun, S22 modelining orqa paneliga shisha qoplamasi qaytdi. Shuningdek, ular yangi avlod Exynos va Snapdragon chiplariga ega bo‘ldi. Biroq, ikki flagman kamera texnik ko‘rsatkichlari jihatidan unchalik katta o‘sishga erishmadi. Ultrakeng kamerada hamon avtofokus imkoniyati mavjud emas. Balki buni yangi S23 va S23+ modellarida ko‘rarmiz. 

Muvaffaqiyatsiz: Galaxy S22 FE 

Galaxy FE versiyasi odatda Samsung'ga katta muvaffaqiyat olib kelardi. Shu yilning yanvar oyida Galaxy S21 FE modeli taqdim etilib, bu ko‘plab Samsung ishqibozlarini xursand qilgan edi. Ammo yoz oylarida kompaniya Galaxy S22 FE modelidan voz kechib, S22 Ultra modelini ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaror qilgani haqidagi xabarlar chiqdi. 

Muvaffaqiyatsiz: Galaxy planshetlari

Android planshetlari savdosi bo‘yicha Samsung kompaniyasi 30% ulush bilan bozorda yetakchi o‘rinni egallaydi. Ammo ushbu ko‘rsatkich umumiy bozorda 60% ulushga egalik qilayotgan Apple oldida hech narsa emas. Agar foydaga qaraydigan bo‘lsak, Samsung bu borada Apple'ga umuman yaqinlasha olmaydi. 

Albatta, ikkinchi o‘rin bu yaxshi natija, ammo bu Samsung'dek kompaniya uchun muvaffaqiyatsizlikning o‘zi. 

O‘QING: Galaxy S23 seriyasining ilk taxminiy taqdimot sanasi ma’lum bo‘ldi