Siempo – sizni unumdorlikka undovchi Android-ilova!

  •   DiMaX
  •  2551
  •  26.05.2018 13:52

Siempo – sizni unumdorlikka undovchi Android-ilova!

Hozirda ko‘pchiligimiz smartfonga va internetga bog‘lanib qolganmiz. Sal bo‘sh paytimizda, masalan, biror ijtimoiy tarmoqqa «shunchaki bir ko‘z tashlab qo‘yish» uchun kiramiz va u yerda ancha vaqtimiz ketib qolganini kech payqaymiz.

O‘QING: Mulohaza: Ongni izmiga olayotgan ko‘rinmas balo

Bu muammo ustida shifokorlar, ruhiyatshunoslar, ta’lim mutasaddilari va boshqa bir qator sohalar vakillari bosh qotirishmoqda. Tinib-tinchimagan dasturchilar esa kishilarni smartfondagi har xil ilovalarga va internetga chalg‘ishdan saqlashning o‘zgacha yechimini ishlab chiqishdi. Ya’ni, minimalistik uslubdagi Siempo launcherini taqdim etishdi.

Mazkur ilova Android-smartfon bosh ekranini oddiy monoxrom (oq-qora) menyuga aylantirib qo‘yadi. Natijada, sizning e’tiboringizni tortish uchun ataylab turli ranglarda yasalgan belgichalar yo‘qoladi.

Siempo launcherida sizning qimmatbaho vaqtingizni o‘g‘irlayotgan ilovalar uchun alohida ekran taqdim etilgan. Unda ilovalar belgichalarining joylashuvi muntazam o‘zgarib turadi. Natijada barmog‘ingiz ko‘nikib qolgan qulay joydagi «VKontakte» yoki Facebook belgichasi o‘rniga har gal boshqasi kelib turadi.

O‘QING: Shon Parker: "Facebook bois ongimizda nimalar sodir bo‘layotgani yolg‘iz Xudoga ayon"

Yangi minimalistik launcherni shunday sozlash mumkinki, smartfoningizga keluvchi turli ilovalarning bildirishnomalari o‘sha zahotiyoq emas, balki ma’lum bir vaqt oralig‘idagina sizga ko‘rsatiladi. Masalan, har 15 daqiqada bir marta yoki bir kunda ikki martagina, shu paytgacha yig‘ilib qolgan bildirishnomalarni birato‘la ko‘ra olasiz.

Siempo launcherida telefoningizning bosh ekraniga o‘zingizni ishchanlikka undovchi, ilhomlantiruvchi biror yozuv kiritib qo‘yish imkoniyati ham bor.

Foydalanuvchining ish samaradorligini oshirishga yordam berishidan tashqari, Siempo – smartfondagi eng kerakli jihozlarga tezda yetib borishni ta’minlovchi minimalistik launcher hamdir. Uning bosh ekranida «Pochta» va «Ob-havo» kabi belgichalar turadi, ularga eng kerakli boshqa ilovalarni biriktirib qo‘yish mumkin.

Ayni damda Siempo ilovasi ochiq beta-test bosqichida bo‘lib, uni Google Play’dan mana bu havola orqali o‘rnatib olish mumkin. Ishlab chiquvchilar keyinroq uning iOS talqinini ham chiqarishga va’da berishgan, kutamiz.

O‘QING: Smartfonga tobelikdan qutulsa bo‘ladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!