Soliqlarni onlayn tartibda to‘lashingiz mumkin

Soliqlarni onlayn tartibda to‘lashingiz mumkin

O‘zbekiston Respublikasida soliqlarni onlayn tartibda to‘lash xizmati yo‘lga qo‘yildi. Markaziy bank naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Yangi qoidaga ko‘ra, xo‘jalik sub’yektlari soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni interaktiv davlat xizmatlari yagona portali va Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshirishlari mumkin.

Norma.uz sayti xabar berishiga ko‘ra, mijozlarning imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchasida muhr izi qo‘yilmagan taqdirda banklar ularning hisob-kitob hujjatlarini muhr izisiz qabul qiladi. Ilgari muhr izi qo‘yilmagan hisob-kitob hujjatlari faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xo‘jaliklaridan qabul qilinishi mumkin edi.

Shuningdek, ilgari inkasso topshiriqnomalari bo‘yicha mablag‘larni undirib olishni to‘xtatib qo‘yish yoki chaqirib olish inkasso topshiriqnomasini taqdim etgan organ tomonidan yoki sud qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda buni undiruvchining arizasiga ko‘ra ham amalga oshirish mumkin.