Tsukerberg Facebook’dagi yolg‘on xabarlarga qarshi kurashadi

Tsukerberg Facebook’dagi yolg‘on xabarlarga qarshi kurashadi

Facebook asoschisi Mark Sukerberg ijtimoiy tarmoqdagi soxta ma’lumotlarga qarshi kurashish strategiyasi haqida gapirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, tarmoqda noto‘g‘ri xabarlarning miqdori yuqori emas, biroq muammoni bartaraf etish uchun Facebook juda ko‘p ishlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Meduza saytining yozishicha, Sukerberg ayni paytda Facebook ishlayotgan yettita asosiy yo‘nalish haqida ma’lum qilgan. Birinchi navbatda, Facebook foydalanuvchilar bilan o‘zaro aloqani soddalashtirib, ularga axborotni noto‘g‘ri yoki soxta sifatida belgilash imkoniyat yaratadi. Shikoyatlar asosida maxsus ishlab chiqilgan algoritm avtomatik tarzda aloqador ma’lumotlarni qidiradi va bartaraf etadi.

Shu bilan birga, yolg‘on va soxta xabarlarga qarshi kurashishda ijtimoiy tarmoq professional jurnalistlar va tahririyatlar bilan ham hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Lentadagi noto‘g‘ri xabarlarga Facebook ogohlantiruvchi maxsus markirovkalarni (belgi) qo‘llashni ham yo‘lga qo‘ymoqchi.

Nihoyat, Facebook reklama orqali mablag‘ ishlash uchun feyk xabarlarni tarqatayotganlarga nisbatan jiddiy sanksiyalarni qo‘llaydi. AQShdagi prezident saylovlaridan keyin Facebook ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan soxta xabarlar tufayli tanqid ostiga olingan edi. Shunday hodisalardan keyin kompaniya tarmoqdagi soxta va noto‘g‘ri xabarlar bilan jiddiy kurashishga kirishmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!