Vectr – logotip, banner va taqdimotlar yaratish uchun bepul vektor muharriri

  •   DiMaX
  •  3279
  •  09.06.2017 11:22

Vectr – logotip, banner va taqdimotlar yaratish uchun bepul vektor muharriri

Bilamizki, grafika ikki xil – rastrli va vektorli bo‘ladi. Rastrli tasvirlarni tahrirlash uchun ko‘plab dasturlar mavjud, ammo vektorli tasvir fayllarini qayta ishlash uchun yaxshi va bepul ilovalar uncha ko‘p emas.

Vectr – vektorli suratlarni yaratish va o‘zgartirishga mo‘ljallangan yangi bepul servis dasturidir. Uning bittagina kamchiligi – interfeysining ruscha tili yo‘qligida; servis faqat inglizcha va xitoychada taqdim etilgan. Yaxshi tomoni – uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri brauzerda, onlayn tarzda ishlatishingiz ham, desktop ilova sifatida ko‘chirib olib foydalanishingiz ham mumkin. Uning yordami bilan nafaqat oddiy tasvirlar (logotip, emblema, belgichalar), balki hatto murakkab vektorli bezaklar ham yaratish imkoni mavjud.

Chap tomondagi jihozlar panelida pero, qalam, turli oddiy geometrik shakllar va matnni qo‘shish uchun tugmachalar mavjud. O‘ng tomondan esa ayni paytda belgilangan ob’yektning xususiyatlarini ko‘rsatuvchi panel o‘rin olgan. Shu yerdan uning o‘lchamlarini, rangi, shaffoflik darajasi, chegaralari va boshqa parametrlarini o‘zgartirish mumkin.

Vectr servisining muhim ustunliklaridan biri – birgalikda ishlash imkoniyati mavjudligidir. Ya’ni, bitta loyihaning ustida bir vaqtning o‘zida bir necha kishi, turli joylardan internetga kirib turib ishlay olishadi. Buning uchun o‘z loyihangizga eltuvchi havolani sheriklaringizga yuborishingiz kifoya. Ular shu havola bo‘yicha kirib, tasviringizning tahririga va muhokamasiga qo‘shila oladilar. Bu imkoniyat onlayn versiyada ham, desktop ilovada ham taqdim etilgan.

Rasmlar muharriri servisining barcha funksiyalari sodda va tushunarli, shu bois unda hatto tajribasiz foydalanuvchilar ham ishlab keta oladi, buning uchun soha bo‘yicha bilimga ega bo‘lish shartmas. Ammo, agarda siz uning barcha imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishni istasangiz, u holda mana bu sahifa orqali o‘tib, misollar va o‘rgatuvchi maqolalarga nazar solishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!